O‘zbekistonning yangi durdonasi Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» sayyohlik markazi o‘zining yorqin va diqqatga sazovor, o‘ziga xos jamoli bilan bizni quvontirishda davom etmoqda.
Navbatdagi yangilik - Kongress-xoll markazida o‘rnatilgan «Quyosh» nomli kinetik instalyatsiya bo‘ldi. Kompozitsiya Sharqning cheksiz bag‘rikengligini o‘zida mujassam etgan holda mehmonlar va sayyohlarning e’tiborini jalb etishi, SSMga ko‘rkiga yanada ko‘rk bag‘ishlashi aniq. Mazkur asarning muallifi asli Samarqand farzandi bo‘lib, hozirda dunyoda mashhur haykaltarosh Yunus Safardiyor hisoblanadi. "Quyosh" ijodkorning ikki yillik ijodiy izlanishi mahsuli.
Ta’kidlash joizki, haykaltaroshning asarlari dunyoning turli mamlakatlarida bir necha bor namoyish etilgan va uning qator ijod namunalari Rossiya Badiiy akademiyasi va Buyuk Britaniyadagi ABN AMRO Collection to‘plamlaridan joy olgan. O‘zbek haykaltaroshining kompozitsiyalarini bugungi kunda qator xorijiy shaharlardagi jamoat joylarida uchratish mumkin.
— Yunus Safardiyorning O‘zbekistonda paydo bo‘lgan ilk asari o‘tgan yili O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sovg‘a qilgan Zahiriddin Muhammad Boburning bronzadan yasalgan haykalidir, – deydi san’atshunos Suhrob Qurbonov. – Usta o‘z asarlarida turli materiallardan – metallar va toshlardan foydalanadi, etnik va mifologik mavzulardan tortib, tarixiy mavzulargacha qamrab olgan. U asosan yangi texnologiyalardan foydalangan holda mumtoz an’anada yo‘nalishida portret va yeompozitsiyalar yaratadi. Yu. Safardiyorning asarlari o‘zining nafis ijro texnikasi, fantaziya va hissiyotlarga boyligi bilan ajralib turadi. O‘z iste’dodi va mahorati sharofati o‘laroq, u bugungi kunda haqli ravishda zamonamizning eng ko‘zga ko‘ringan haykaltaroshlaridan biriga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, Kongress-xoll Buyuk Ipak yo‘li majmuasining bir qismi bo‘lib, 18 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Uning o‘lchamlari va dizayni turli formatdagi tadbirlarni, jumladan, yirik xalqaro forumlarni o‘tkazish imkonini beradi. Yaqin orada bu yerda SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tadi.