Tebinbuloqdagi boyitish fabrikasi loyihasi yakuniy marraga yetib kelmoqda

16.08.2022
Поделиться:

Oʼzbekiston Respublikasidagi eng yirik EPС pudratchisi Enter Engineering va WOOD (Аvstraliya) injiniring-konsalting kompaniyasi Qoraqalpogʼiston Respublikasidagi Tebinbuloq konida boyitish fabrikasini detalli loyihalash boʼyicha shartnoma imzoladi.

Shartnomaga Enter Engineering tomonidan kompaniya bosh direktori Ulugʼbek Usmonov va WOOD (Avstraliya) kompaniyasi tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish boʼyicha katta vitse-prezident Greg Xeys imzoladi.

Mazkur shartnoma yiliga 5 million tonnagacha temir rudasi kontsentratini ishlab chiqarish quvvatiga ega boʼlgan boyitish fabrikasini loyihalashtirish boʼyicha ishlarni koʼzda tutadi.

Boyitish fabrikasi Qoraqalpogʼiston Respublikasida Tebinbuloq temir rudasi koni negizida barpo etilayotgan togʼ-metallurgiya majmuasi tarkibiga kiradi. Majmua 58 million tonna qazib olingan ruda kontsentratidan tashqari 3,6 million tonnagacha BTT (bilvosita tiklanuvchi temir)ni ishlab chiqaradi.

Ushbu hajmdan 1,8 million tonna BTT Bekoboddagi metallurgiya zavodiga yetkazib beriladi. Qolgan xom ashyodan Tebinbuloqdagi zavodda 1,5 million tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.

Loyihaning Qoraqalpogʼistonda amalga oshirilishi mamlakatimizda birinchi marta Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev tomonidan eʼlon qilingan “xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili boʼyicha quriladigan qora metallurgiya korxonasini tashkil etish imkonini beradi.

WOOD kompaniyasi dunyodagi eng yirik sanoat korxonalarini qurish borasida 160 yillik tajribaga ega loyihachi sifatida shuhrat qozongan.

Detalli loyihalashga qoʼshimcha ravishda, WOOD kompaniyasi eng yaxshi yetkazib beruvchilar orasida mavjud xalqaro tajribasiga asoslanib korxona uchun muhim boʼlgan uskunalarni sotib olishda yoʼl-yoʼriq koʼrsatish xizmatini ham taqdim etadi.

Biz ham tavsiya qilamiz