SEG neft-gaz kompaniyasi va ERIELL Group ning qurilish boʼlinmalari hamda Enter Engineering kompaniyasi birgalikda Oʼzbekistonning Qashqadaryo viloyatida 33 km uzunlikdagi gaz quvurini ishga tushirdi.
Joriy haftada Qashqadaryo viloyati tabiiy gaz konlarini Muborak gazni qayta ishlash zavodi bilan birlashtirgan gaz quvurini ishga tushirish boʼyicha ishlar nihoyasiga yetdi. Gaz quvurini qurish ishlari bilan birga «Chuvama» va «Qizilrabot» konlarida quduqlarni jihozlash boʼyicha ishlar amalga oshirildi, gazni dastlabki tayyorlash uskunasi va gazni tijorat hisobi uzeli oʼrnatildi. Loyihaga kiritilgan sarmoyalar 24 milliard soʼmdan ziyod.
Gaz-transport tizimining ishga tushirilishi SEG konlaridan gazni uzatishning logistik jarayonlarini maqbullashtirish imkonini beradi. Gaz quvurini loyihalashtirishda suyuq gaz aralashmasini kerakli fazalarga ajratuvchi ikki qavatli separator, shuningdek, texnologik jarayonda ajratiladigan kondensat suyuqlikni saqlash uchun boʼylama poʼlat rezervuarlar kabi qazib olinayotgan gazni dastlabki tayyorlash ishlarini amalga oshirish uchun eng samarali texnologik uskunadan foydalanish koʼzda tutilgan. Bu darajadagi uskunalar Oʼzbekiston Respublikasining gaz obyektlarida ilk bor qoʼllanilmoqda.
«Oʼz loyihalarini amalga oshirish uchun SEG Oʼzbekistondagi eng samarali pudratchilarni jalb qiladi. SEG, ERIELL Group va Enter Engineering kompaniyalarining hamjihatlikda olib borgan ishlari tufayli biz Muborakdagi hududiy-ishlab chiqarish korxonamiz negizida gaz qazib olish samaradorligini ancha oshirdik. Bugungi kunda kompaniya nafaqat neft, balki gaz qazib olish samaradorligini oshirishga ham ahamiyat qaratmoqda. Gaz – ekologik toza yoqilgʼi va Markaziy Osiyo mintaqasida uning isteʼmoli tobora ortib borishini biz yaxshi tushunib turibmiz. Aynan shuning uchun biz yangi obyektlarda eng ilgʼor uskunalardan foydalandik», – deya taʼkidlaydi bosh direktorning birinchi oʼrinbosari – «Dobicha» divizioni direktori Toʼlqin Yusupov.
«ERIELL Group oʼzining SEG kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasi majburiyatlarini bajarish barobarida, Bosh pudratchi sifatida barcha zarur ishlar amalga oshirilishi, shu qatorda, mazkur gaz quvurini sifatli va oʼz muddatida qurib, foydalanishga topshirish boʼyicha ishlarning kafili hisoblanadi. Bunda ERIELL ishlarning amalga oshirilish jarayonlarini barcha zaruriy texnika va uskunalar bilan toʼliq taʼminlab, doimo Oʼzbekistonning neft-gaz sohasida ularning eng ilgʼor va eng yetakchi turlaridan foydalanishga intiladi», – deya taʼkidladi ERIELL Group Loyiha boshqaruvi departamenti direktori Laziz Hasanov.
Bugun SEG kompaniyasi faol ravishda xom neft, shuningdek, gaz va gaz kondensati qazib olish hamda uni qayta ishlash bozorida oʼz ishtirokini tobora oshirib bormoqda.