Humo Arena muz saroyi majmuasida «MTO gaz-kimyo kompleksi: Yangi O‘zbekiston texnologiyalari» ishbilarmonlar forumi bo‘lib o‘tdi. Unda biznes sohasi va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida bunyod etilajak MTO texnologiyasi asosida ishlovchi Gaz-kimyo kompleksi («metanolni olefinga aylantirish») qurilishi va ekspluatatsiya qilinishi xususida batafsil ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Energetika vaziri Alisher Sultonov va SEG Bosh direktori o‘rinbosari, MTO Gaz-kimyo kompleksi loyihasi direktori Masrur Shakirov forum ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar.
Qiymati 2,5 milliard dollarga teng ushbu loyiha 2023 yilning to‘rtinchi choragida ekspluatatsiyaga topshiriladi va u O‘zbekiston sanoatini olefin uglevodorodlari bilan ta’minlash imkonini beradi. Ma’lumki, olefin uglevodorodlari mamlakat uchun strategik muhim xom ashyo hisoblanadi. Gaz-kimyo majmuasi mahalliy xom ashyoni metanolni olefinlarga aylantirishning litsenziyalangan hamda MHD hududida muqobili mavjud bo‘lmagan texnologik jarayoni asosida qayta ishlash uchun mos ravishda loyihalashtirilgan. Majmua ishga tushirilgach, O‘zbekistonda import o‘rnini mahalliy xom ashyo bilan bosish jarayoni jadallashadi, iqtisodiyot diversifikatsiyasi ta’minlanadi, shuningdek u iqtisodiyotning turli mahalliy tarmoqlari taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha Qorako‘l tumanida Erkin iqtisodiy zona tashkil etilib, mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilarni yanada ko‘proq jalb etish maqsadida moliyaviy soliqqa tortish va industrial sohalarda qator imtiyozlar belgilanadi. EIZ hududida inglizcha huquqiy rejim joriy etiladi, shuningdek biznesni xorijiy valyutada yuritishga ruxsat etiladi. Barcha korxonalar uchun tabiiy resurslarni, jumladan elektr energiyasini qisman qayta tiklanuvchan manbaalardan yetkazib berish kafolatlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi zavod, shuningdek, EIZ hududidagi qo‘shma korxonalar 2300 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishini ta’minlaydi hamda kelgusi 20 yil davomida 2 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha soliq tushumlarini keltiradi.
Loyihada atrof-muhitga nojo‘ya ta’sirni minimallashtirish nazarda tutilgan. Barcha xalqaro ekologik standartlarga rioya qilish butun dunyoda e’tirof etilgan Mott MacDonald Group Limited (Buyuk Britaniya) tashkilotining ekolog maslahatchilari tomonidan nazorat qilinib, tasdiqlanadi.