Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali oʼz eshiklarini ochdi

18.03.2022
Поделиться:

2022-yil 18-mart kuni Samarqandda xalqaro aeroport yangi terminalining tantanali ochilishi boʼlib oʼtdi. Samarqand aeroporti yangi terminali orqali ilk bor xizmat koʼrsatgan reys Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdan Samarqandga uchib borib, yana ortga parvoz qilgan HY-045/046 raqamli reysi boʼldi. Muvaffaqiyat ila amalga oshirilgan ushbu parvoz Oʼzbekiston Respublikasining zamonaviy aviatsiyasi tarixida yangi bobni ochib berdi.

Samarqand xalqaro aeroporti, Turizm va madaniy meros vazirligi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airports” АJ va Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan OАV vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

Ochilish marosimida 250 nafardan ortiq kishi qatnashdi. Marosimda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʼrinbosari Аchilbay Ramatov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Raʼno Joʼraeva, shuningdek «AIR MARAKANDA»ning operatsion faoliyat boʼyicha bosh direktori oʼrinbosari Xilmi Yilmaz tantanali nutq bilan soʼzga chiqdilar.

Yangi terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 million dollarga teng boʼlib, bu loyiha Oʼzbekiston aviatsiyasi tarixida birinchi marta “Uzbekistan Airports” АJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA" MChJ (xususiy sherik) oʼrtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasida amalga oshirildi. Qurilish ishlari Oʼzbekistonda yetakchi EPC-pudratchi hisoblangan Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Turkiyaning Kiklop loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan meʼmoriy yechim asosida bajarildi.

«AIR MARAKANDA»ning operatsion faoliyat boʼyicha bosh direktori oʼrinbosari Xilmi Yilmaz jumladan shunday dedi:

«Men «AIR MARAKANDA» kompaniyasining butun jamoasi nomidan hukumatimiz va hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildiraman, ularning saʼy-harakatlarisiz bunday yirik loyihani amalga oshirish imkonsiz boʼlardi. Chin dildan ishonch bildiramanki, «Samarqand» xalqaro aeroporti butun region infratuzilmasidagi eng muhim obʼektlardan biri sifatida mahalliy aholi va umuman jamiyat uchun koʼplab yangi ish oʼrinlari yaratish orqali yaqin-atrofdagi barcha hududlarning iqtisodiy oʼsishi va taraqqiyoti uchun xizmat qiladi. Аeroport — mamlakatga uchib keluvchilarni birinchi qarshilovchi va safar soʼngida kuzatib qoluvchi maskandir. Umid qilamanki, «Samarqand» xalqaro aeroporti Oʼzbekistonning oʼziga xos tashrif qogʼoziga aylanadi».

Yangi terminal doimiy reyslar sonini haftasiga 40 tadan 120 tagacha oshirish imkonini beradi, perronning modernizatsiya qilinishi natijasida aviaturargoh 24 tagacha havo kemasini sigʼdira olish darajasigacha kengaydi. Аeroportning yoʼnalish tarmogʼini kengaytirish rejasi 2030 yilga borib yoʼnalishlar sonini 30 taga yetkazishga qaratilgan. Masalan, 2019-yilda Samarqand aeroportidan 5 ta yoʼnalish boʼyicha aviaqatnovlar amalga oshirilar edi. Lufthansa Consulting xalqaro tahlillar tashkiloti tomonidan oʼtkazilgan mustaqil tahlillar ushbu aeroport orqali yoʼlovchi oqimining yiliga 480 000 kishidan 2 million kishiga ortishini koʼrsatmoqda.

Yangi aerovokzal majmuasi xalqaro meʼyorlarga mos ravishda jismoniy imkoniyati cheklangan yoʼlovchilarga xizmat koʼrsatish boʼyicha talablarni hisobga olgan holda bunyod etilgan. Terminalda 29 ta roʼyxatga olish peshtaxtasi, 8 ta minish uchun chiqish yoʼlaklari, 4 ta teleskopik trap, 10 ta pasport nazorati kabinasi va uchib ketayotgan yoʼlovchilar uchun 6 ta Ye-gate, shuningdek uchib kelgan yoʼlovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi mavjud. Qoʼshimcha qulayliklar 3,1 km uzunlikdagi uchish-qoʼnish yoʼlagi, 24 oʼrinli aviaturargohdan iborat.

 

Qoʼshimcha maʼlumot:

AIR MARAKANDA 2020-yilda, aeroportlarni boshqarish va yoʼlovchilarga hamda aviakompaniyalarga qoʼshimcha xizmatlar, jumladan shaxsiy bagaj, yuklar, pochtaga ishlov berish, samolyotlarga texnik xizmat koʼrsatishni soddalashtirish kabi xizmatlarni koʼrsatish maqsadida tashkil etilgan.

 

Manba: AIR MARAKANDA

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz