Bugun Samarqand katta qurilish maydoniga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qadim solnomachilari va shoirlari tomonidan «Sharq durdonasi» deya ulug‘langan bu shahar endilikda butun dunyo sayyohlari uchun haqiqiy megapolisga aylanmoqda. Samarqandning turistik jozibadorligini yanada oshirish maqsadida shaharda ko‘plab betakror obyektlar bunyod etilmoqda, yana o‘nlab inshootlar rekonstruksiya qilinmoqda.
Samarqand xalqaro aeroporti 1967 yilda qurilgan bo‘lib, turgan gapki, bugungi kunga kelib zamonaviy talablar va tobora ortib borayotgan passajirlar oqimiga xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga ega emasdi. Shu sababli 2018 yilda aeroportni rekonstruksiya qilish haqida qaror qabul qilingandi. 2020 yilda Enter Engineering kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirishga kirishdi. Loyiha doirasida yangi xalqaro terminalni qurish va eskisini modernizatsiya qilish, uchish-qo‘nish yo‘lagini qurish, shuningdek radiolokatsion tizimlarni zamonaviy talablar va me’yorlarga mos ravishda yangilash nazarda tutilgan edi.
Yaqin kunlarda aeroportning yangi terminali aviareyslarni qabul qilishni boshlaydi. Hozirgacha Enter Engineering kompaniyasi tomonidan beton quyish (35 640 m3) va armatura yotqizish (3 510 tonn), g‘isht terib devor olish (1 210 000 sht.), devor va pollarga plita yotqizish (20 346 m2) bo‘yicha katta hajmdagi ishlar bajarildi. Bundan tashqari, fasadlarni yasash va bezatish, liftlar va eskalatorlarni o‘rnatish, metall konstruksiyalarni hamda IVvaK, elektr uzatish tizimiga oid muhandislik kommunikatsiyalarini montaj qilish ishlari to‘liq yakunlandi. Xabar tarqatish va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlari ayni paytda o‘rnatilish bosqichida. Shuningdek, ventilyatsiya va kanalizatsiya tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish ishlari butkul tugallandi.
Ayni kunda terminalning birinchi (Ground) va ikkinchi (Mezzanine) qavatlarida xonalar, yo‘laklarni tozalash va tartibga keltirish, to‘shamalarni qoplash hamda mebel anjomlari bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda. Uchinchi (Xalqaro parvozlar) va to‘rtinchi (CIP-hudud) qavatlarda so‘nggi bezatish ishlari ketmoqda. Bundan tashqari, tom bo‘g‘otlarini qoplash va alyukobloklar bilan quyoshdan himoyalash, binoning fasad qismida yoritish va akril bilan montaj qilish, aeroport binosi tevaragini obodonlashtirish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda.
Yangi terminal ishga tushishi bilan aeroportning passajirlarni ro‘yxatga olish qobiliyati soatiga 350 tadan 1000 tagacha ortadi, kutilayotgan passajir oqimi yiliga 460 mingtadan 2 milliontagacha, doimiy reyslar soni esa haftasiga 40 tadan 120 tagacha yetishi kutilmoqda.
Xalqaro aeroport dizayni Mirzo Ulug‘bekning «Ziji Jadidi Ko‘ragoniy» asari timsoli sifatida ochiq holdagi kitob shaklida yaratilgan. Terminal tomida osmonu falakdagi ayrim yulduzlar turkumlari xaritasi aks etgan bo‘lib, bu xarita hatto osmondan, ayniqsa tun qorong‘usida charaqlab ko‘rinib, ajoyib manzara kasb etadi.
19 mart kuni yangi terminaldan birinchi aviareys Samarqand-Toshkent yo‘nalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Samarqand xalqaro aeroporti tez fursatda Enter Engineering kompaniyasi tomonidan muvafaqqiyatli amalga oshirilgan loyihalar ro‘yxatida munosib o‘rin egallaydi. U qadimiy kentimizning butun dunyoga mashhur tarixiy va me’moriy yodgorliklari qatorida Samarqand timsoliga aylanadi, shuningdek O‘zbekistonda turizm sohasi taraqqiyotini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.