Toshkentda dzyudo bayrami

11.10.2022
Поделиться:

Oktabrning ushbu shukuhli kunlarida sportning yakkakurash turiga ishqiboz bo‘lgan barcha insonlarning nigohi Toshkentdagi dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazilayotgan «Humo Arena» ko‘p tarmoqli muz saroyidan olib berilgan translyatsiyalarga qaratildi. Turnirda ushbu sport turi bo‘yicha jahon miqyosida ko‘zga ko‘ringan sportchilar jam bo‘lishdi — tatamiga 82 ta mamlakatdan tashrif buyurgan afsonaviy sportchilar Olimpiada o‘yinlari chempionlari, jahon chempionatlari va turli miqyosdagi musobaqalar sovrindorlari, shuningdek yorqin g‘alabalarga intilayotgan yosh, kuchli sportchilar chiqishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan chempionatning oltin medali sportchimiz Davlat Bobonovga tantanali topshirilishi turnir beshinchi kunida eng shukuhli lahzalarga aylandi. O‘zbek sportchisi barcha bellashuvlarni 90 kg.gacha vazn toifasida yengilmasdan o‘tkazib, jahon chempioni maqomini qo‘lga kiritdi va o‘z g‘alabasi bilan barcha ishqibozlarni baxtiyor etdi.

Turnirni ochib bergan dastlabki janglardanoq ayon bo‘ldiki, har bir sportchi g‘alaba uchun jiddiy kurashadi va shohsupaga yo‘l hattoki yaqqol peshqadam sportchilar uchun ham oson kechmaydi. Turnirning dastlabki ikki kunida yaponiyalik sportchilar dzyudo bo‘yicha yuksak mahorat namoyon etdilar. Kunchiqar yurt vakillari bir yo‘la to‘rtta vazn toifasida: erkaklar o‘rtasida N. Takato (60 kg.gacha vaznda) va X. Abe (63 kg.gacha vaznda), ayollar o‘rtasida esa N. Sunoda (48 kg.gacha vaznda) va U. Abe (52 kg.gacha vaznda) peshqadam bo‘ldilar.

Musobaqaning uchinchi kuni 73 kg.gacha toifada erkaklar o‘rtasidagi yorqin peshqadamlar safini Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlari bronza medali sovrindori Mongoliyadan kelgan sportchi Sogtbaataru Send-Ochirniu boshqarishga muvaffaq bo‘ldi. 57 kg.gacha vazn toifasidagi ayol sportchilar safida esa 2013 yilda jahon chempioni va 2016 yilgi olimpiada chempioni braziliyalik Rafaela Silva g‘olib bo‘ldi. G‘oliblik onlarida Rafaelaning so‘zlari quyidagicha bo‘ldi:

— Hal qiluvchi bellashuvdan so‘ng murabbiyimni bag‘rimga bosar ekanman, takror jahon chempioni bo‘lganimga hamon ishongim kelmasdi. Murabbiyimning «Yana g‘olibsan! Chempionlikka takror erishding! Sen bilan faxrlanaman!» degan so‘zlaridan keyingina g‘alaba nashidasini to‘liq his qildim.

Turnirning to‘rtinchi kuni Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizer va O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etgan ochilish tantanali marosimi bilan esda qolarli bo‘ldi. Yorqin tadbir sportchilarga ham ko‘tarinkilik bag‘ishladi va ular ketma-ket shiddatli va mahorat ifodasi bo‘lgan janglarni namoyish etdilar. Bellashuvlar yakuniga ko‘ra yaponiyalik M. Xorikava 63 kg.gacha vazn toifasida «oltin» sohibasi bo‘ldi, erkaklardan esa gruziyalik T. Grigalashvili (81 kg.gacha vazn toifasida) g‘oliblik shohsupasini egalladi.

Dzyudo bo‘yicha jahon chempionati shak-shubhasiz Toshkent kuzining eng yorqin voqeligiga aylandi. Ushbu sport bayrami nafaqat dunyo sport olami yulduzlari tashrifi, balki xalqaro dzyudo federatsiyasi va qator homiy tashkilotlar, jumladan Enter Engineering kompaniyasining O‘zbekistonda sportni yanada rivojlantirish, musobaqani tashkillashtirish yo‘lidagi homiylik sa’y-harakatlari, atletlarga yuksak daraja yaratilgan shart-sharoitlar sharofati ila yuz berdi.

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz