Enter Engineering kompaniyasining ko‘pming sonli jamoasida sog‘lom turmush tarziga amal qiladigan, sport bilan do‘stlashgan va bu odatlari bilan barcha hamkasblar, ayniqsa yoshlar uchun yaxshi o‘rnak bo‘lib kelayotgan xodimlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Yaqinda kompaniyamizning Zaxiralar va omborlarni boshqarish departamenti rahbari o‘rinbosari Denis Rifatovich Mambetov o‘z oila a’zolari bilan Qozog‘istonning Almati shahrida joriy yil 17 aprelda bo‘lib o‘tgan «Almaty Half Marathon» yarimmarafonida ishtirok etdi. Bungacha esa bu hamkasbimiz Enter Engineering jamoasi tarkibida Toshkentda 27 martda bo‘lib o‘tgan SHOS Xalqaro yarimmarafoni va IV Toshkent marafonida ham muvaffaqiyatli qatnashgan edi. Biz Denis Rifatovichdan haqiqiy sport bayramiga aylangan «Almaty Half Marathon»dan olgan taassurotlari haqida obunachilarimizga so‘zlab berishini so‘radik. G‘ayrat-shijoatli marafonchimizning hikoyasi juda qiziqarli bo‘ldi.
- «Almaty Half Marathon» yarimmarafonida qatnashish g‘oyasi Toshkentdagi SHOSga bag‘ishlangan marafonda 42 kilometrlik distansiyani belgilangan 6 soatda yugurib o‘tishga muvaffaq bo‘lganimdan keyin tug‘ildi. Aslida o‘sha yarimmarafon ham juda qiziqarli va ajoyib o‘tgandi: finishga yaqinlashganimizda hamshaharlarimiz va tashkilotchilar bizga dalda berish uchun safimizga qo‘shilib, biz bilan birga yugurishgandi. Darvoqe, o‘tgan yilgi 3-Toshkent marafonida ham zavq bilan yugurgandik. O‘shanda bizni yugurishga ruhlantirgan inson – «ERIELL prof education» o‘quv markazi rahbari Abdullayev Yusuf Nig‘matovich bo‘lgandi. Keyinchalik biz oilaviy tarkibda Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan Zaamin Ultra birinchi ultramarafonida ham qatnashdik. 2021 yil 7 noyabrda esa Samarqanddagi yarimmarafon ishtirokchisi bo‘ldik. Bu yerda men 21 kilometrlik masofaga chopib, o‘z natijamni yaxshilashga erishdim, rafiqam va o‘g‘lim 10 kilometrlik distansiyani osongina “yengishgandi”. Mana shu ishtiroklarimiz davomida biz his qilgan ajoyib zavq-shavq hissi Almatidagi marafonga yo‘l olishimizga sabab bo‘ldi. Slotlarni onlayn tarzda sotib oldik, mehmonxonani ham oldindan band qildik va 15 aprel juma kuni kechqurun Qozog‘iston bilan chegaramiz tomon yo‘l oldik. Shturmanlik vazifasini rafiqamga yukladik. Chegarada 2 soat navbatda turdik, chegaradan o‘tib olguncha yana 2 soat vaqtimiz ketdi (mana qayerda haqiqiy qog‘ozbozlik bor, aslo bizning ZvaOBDda emas!). Kechasi soat 02.00 da Chimkent tomon (96 km) yo‘lga tushdik. Yo‘llar ravonlashgani yaqqol sezildi. Radarlar ko‘p bo‘lgani uchun mashinamizni tez haydamadik. Tong payti Chimkentdan o‘tar ekanmiz, Almatiga saharga yetib borishni mo‘ljal qilganimiz o‘zimizga juda kulgili tuyuldi, chunki hali Almatigacha 650 km yo‘l bosishimiz kerak edi. Taraz (Jambul) shahridan ham o‘tdik. Tarazdan Almatigacha roppa-rosa 400 km masofa qolgandi. Yo‘lda qahvaxonada to‘xtab tamaddi qildik, biroz dam olib yana yo‘lga tushdik. Mehmonxonaga kirib borganimizda soat 15 (mening qo‘l soatim hamon Toshkent vaqtini ko‘rsatardi) bo‘lgandi. Darhol yarimmarafon yarmarkasiga borib, o‘zimizga tegishli start raqamlarni oldik, u yerda ko‘plab kishilar bilan tanishdik. Ertasiga tongda adashib yurmaslik uchun start joyini borib ko‘rdik. Ertalab esa Qozog‘istonning birinchi prezidenti xiyoboniga keldik, start shu yerda edi. Atrofda odam juda ko‘p, bu yerda qariyb 10000 ta ishtirokchi va qo‘shimcha ravishda behisob muxlislar to‘planishgandi.
Rafiqam soat 8.00 yugurishni boshladi, men esa 8.20 da startni boshladim, telefonimda strava ilovasi va rouming ishlamay qolishidan xavotirda edim. Shu bois telefonimda 5, 7, 10, 15, 19, 21 km larda joylashgan nazorat nuqtalaridan qachon o‘tishimni qayd etib qo‘ydim. Avvalgi marafondagi ko‘rsatkichim 2 soatu 34 daqiqa bo‘lgandi, bu safar bu ko‘rsatkichni 4 daqiqaga yaxshilashni maqsad qilgandim. Yugurishni boshlaganimda butun vujudimda ko‘tarinkilik, quvvatni his qildim. Atrofimdagilarning ham kayfiyati a’lo edi. O‘sha damni eslasam hozir ham ko‘zimda quvonch yoshi qalqmoqda. Pastlikka qarab dastlabki 5 km masofani bosib o‘tdik, oldindagi bir marafonchini o‘zim uchun rarser sifatida belgilab, bir maromda chopish uchun undan ko‘zimni uzmay borardim. Ko‘ngillilar har bir kilometr masofada marafonchilarni qo‘llab-quvvatlab turishar, mahalliy aholi, shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan haydovchilar hayqiriqlar bilan bizni olg‘a undashardi. Barabanlar, surnaklar tinmay chalinar, odamlar qo‘l uzatib “Besh tashla!” deb qo‘yishardi. Keyingi 5 km tepalikka chiqadigan yo‘l edi, bu yo‘lni bosib o‘tish qiyin bo‘ldi, men tanlagan rarser oldinlab ketdi, lekin men baribir yuguraverdim, biroz to‘xtab yonimdagi yugurishdan to‘xtab, yurishga o‘tgan kishilarga dalda berardim. 10-kilometrda baland-past yo‘llar boshlandi, marafonchilar qator tizilib chopa boshladilar. 15-kilometrda ham g‘ayrat-shijoatimiz so‘nmagan, yugurib boryapmanu ko‘zim 16, 17, 18 kilometrdagi nazorat nuqtalarida edi. Baraban sadolari faqat olg‘a bor, degandek chorlab turibdi, uning ovozini eshitganim sayin yugurishga kuch quyilib keladi. 19 kilometrni ham bosib o‘tar chog‘imiz yo‘l chekkasi bo‘ylab musiqalar qo‘yib bizni olqishlayotgan muxlislar bilan raqsga ham tushib ketdik. 20-kilometrga kirdik (finish qayoqda qoldi!), stadionga yaqinlashar ekanmiz, muxlislardan “Bor-yo‘g‘i 200 metr qoldi!” degan xitoblarni eshitdim. 200 metr yugurdik ham, lekin finish ko‘rinay demasdi... Finish oldida ko‘ngillilar, yosh yigit va qizlar 3 qator turib olishgan ekan. Ular bizni shunday ko‘tarinkilik bilan qarshi olishdi-ki, bu zavq, bu shavqni so‘z bilan ifodalash qiyin!
Mana, markaziy stadionga burilishdan keyin finish arki ko‘rindi! Rafiqam menga Yenter Yengineering bayrog‘ini uzatib yubordi, men bor kuchim va irodamni jamlab, finish arkiga qarab oshiqdim va 2 soatu 28 daqiqada uni bosib o‘tdim. Vanihoyat, maqsadimga erishdim, buni uddaladim! Medallar topshirilishidan oldin stadionni bir aylanib, muxlislar olqishini olish kerak edi. Men qadrdon kompaniyam bayrog‘ini yelkamda hilpiratib, faxr bilan stadionni aylanib chiqdim. Va qo‘shiq-kuy, raqslar bilan g‘oliblar taqdirlanayotgan sahnaga yetib keldim. Hali ham marafonchilar oqimi to‘xtamagan, odamlar marraga yetib kelayotganlarni qizg‘in olqishlashar edi. Turli do‘konlar tashkil etilgan yarmarkani aylanar ekanman, bayrog‘imiz hamon yelkamda edi.
Taqdirlash marosimidan keyin mehmonxonaga qaytdik. Qaytishda Chimbuloq, Medeu shaharlarida to‘xtab o‘tdik, rasmga tushdik, dengiz sathidan 2500 m balandlikda o‘rnatilgan kanatda sayr qildik. Kechki soat 18.00 da Toshkentga qarab yo‘lga tushdik. Yo‘l bo‘yidagi to‘xtash joyida to‘xtab, uch soatgina mizg‘ib olganimizni hisobga olmasak, yo‘l bo‘yi deyarli to‘xtamadik, dam olmadik. Tonggi soat 8 da chegaramizga yetib keldik. Chegara postidan soat 10 dan oshganda, barcha rasmiyatchiliklarni ado qilib, o‘tib oldik. Haddan ziyod charchagan va horigan bo‘lsakda, kayfiyatimiz a’lo edi. Ikki kunlik sarguzashtlarga to‘la safarimizdan olgan ajoyib taassurotlarimizni ruhiyatimiz zahirasiga yukladik! Kuzda Chimkentda va yana Almatida bo‘ladigan navbatdagi marafonlarni ham o‘tkazib yubormaslikka ahd qildik, lekin endi albatta poyezdda yoki qulay avtobusda boramiz! Zanglab o‘tirgandan ko‘ra, charchab-horishni afzal bilamiz. Hamma sog‘ bo‘lsin!