Kriketdan zavqlanib...

22.11.2021
Поделиться:

Kriket XVIII asrning o‘rtalarida inglizlar tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, bugungi kunda ko‘plab davlatlarda eng ommabop sport turlaridan biri hisoblanadi. Kriketni, ayniqsa hindlar hammadan ko‘proq sevib o‘ynashadi. Bugun sizni O‘zbekistonda kriket klubini tashkil etgan hindistonlik ikki ishchi-mutaxassisimiz bilan tanishtiramiz.

Muhammad Tanvir Ahmad va Muhammad Tabriz Alam mana uch yildirki, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini takomillashtirishga hissa qo‘shib kelishmoqda. Ikki hamkasb ushbu obyektda bosh muhandis bo‘lib ishlashadi. Mehnat faoliyati davomida Tanvir va Tabriz nafaqat o‘z kasbining haqiqiy ustasi ekanliklarini namoyon etishdi, balki O‘zbekistonda kriket jamoasini tuzish haqidagi orzularini ro‘yobga chiqarishga ham erishishdi. 2020 yilda ikki hindistonlik tomonidan tashkil etilgan Tashkent Stars Cricket Club (TSCC) jamoasi bugungi kunda respublikamizning kriket federatsiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Ushbu qiziqarli o‘yin va yangi tashkil etilgan jamoa haqida bizga TSCC asoschilaridan biri va klub kapitani Tanvir Ahmad so‘zlab berdi:

– Kriket – bu chillak va to‘p vositasida o‘ynaladigan o‘yinlar sirasiga kiruvchi jamoaviy sport turi. Bu o‘yin Hindiston aholisining shiddatli va jo‘shqin tabiatiga mos keladi. Men kriket bilan bolaligimdan shug‘ullanib kelaman. Tashkent Stars – bu havaskor kriket klubi, jamoa safida Hindiston, Afg‘oniston, Bangladesh va, albatta, o‘zbekistonlik o‘yinchilar bor. Dam olish kunlari va bayramlarda biz Enter Engineering va Uzliti Engineering xodimlari bilan birgalikda yig‘ilib, jamoalarga bo‘linib o‘ynaymiz. Ba’zida safimizga mahalliy kriket ishqibozlari ham qo‘shiladi. O‘yinda har bir jamoadan 11 kishi ishtirok etadi. Bu juda zavqli o‘yin.

Tanvir uzoq vaqt davomida Malayziyada yashab ishlagan va, albatta, kriket bilan shug‘ullanishda davom etgan. U yerda KUALA LUMPUR STAR CRICKET CLUB jamoasiga asos solgan va bu klub bilan 2017 yil korporativ chempionatda g‘olib chiqqan. Shuningdek 2013 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida Tanvir Malayziyaning bir necha nufuzli turnirlarida birinchilikni qo‘lga kiritgan.

Muhammad Tabriz Alam ham hamkasbi Tanvir kabi professional kriketchi. KUALA LUMPUR STAR CRICKET CLUB tashkil bo‘lishida, shuningdek Hindistonning BSCC CRICKET CLUB jamoasi tashkil etilishida uning hissasi bor. Tabriz vatanida 14, 17, 19 va 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar orasida kriket bo‘yicha shtat chempionatlarida ishtirok etgan hamda bir necha yillar davomida oliy «A» divizionida sardorlik qilgan. Bugungi kunda Tabriz poytaxtimizda mahalliy bolakaylar bilan shug‘ullantirib, mamlakatimizda kriketni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Bizning qahramonlarimiz insonning sevgan mashg‘uloti uning hayoti mazmuniga aylanishi mumkin ekaniga yaqqol misol bo‘la oladilar. Inson qayerda bo‘lmasin, inson o‘zini ruhlantiruvchi va yangi marralarni egallash uchun kuch beruvchi ish bilan shug‘ullanishga vaqt hamda imkon topa oladi. Biz ularga o‘ylagan barcha rejalarini amalga oshirishda kuch-quvvat tilaymiz!

 
Biz ham tavsiya qilamiz