Shon Skinner – xokkey o‘ynash mahoratini takomillashtirish bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi trenerlardan biri hisoblanadi. U MXLning yettita jamoasi, qator olimpiya termalari va Yevropa mamlakatlari jamoalari bilan unumli ishlagan. Shon Skinner yaratgan mashg‘ulotlar usuli dunyoda eng samarali hisoblanadi, shu boisdan u mahorat darslari o‘tish uchun ko‘plab takliflar oladi. Hozirgacha u dunyoning 50 ta mamlakatida xokkeychilar uchun mahorat darslari o‘tkazgan. Dunyo xokkeyi yulduzlari sanalgan Sidni Krosbi, Aleksandr Ovechkin, Djeff Skinner, Erik Staal, Bred Marshan, Tomash Tatar kabi o‘yinchilar bilan esa shaxsiy murabbiy sifatida ishlagan.
Sh. Skinner o‘zining 20 yillik faoliyati davomida dunyo xokkeyidagi butun murabbiylik jarayonini o‘zgartirishga erishdi, u o‘z murabbiylik usulini va an’anaviy mashg‘ulotlarning yangi texnikasini yaratdi. Bu bilan u o‘yinchilar mahoratini rivojlashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugungi kunda shaybani oshirish texnikasi, klyushkani to‘g‘ri tutish, konkida uchish texnikasini mukammal o‘zlashtirish bo‘yicha uning mahorat darslari aks etgan DVD-disklar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida millionlab tirajlarda tarqalgan, videoroliklari esa YouTube video-xostingida eng ommabop namoyishlardan biri hisoblanadi.
Sh. Skinnerning o‘zi ham bir paytlar xokkey o‘yinchisi bo‘lgan, lekin jiddiy jarohat uning o‘yinchi sifatidagi orzulariga nuqta qo‘ygan. Shunday bo‘lsa-da, xokkeyga bo‘lgan qiziqishi ustun kelib, Shon hayotini murabbiylik faoliyatiga bag‘ishladi. 52 yoshli mutaxassis dunyo bo‘ylab sayohat qilishni, turli malakatlarda bo‘lib, u yerning milliy an’analari va madaniyatini o‘rganishni yoqtiradi. Uni, hattoki, xokkey u darajada ommabop bo‘lmagan va asosiy sport turi hisoblanmagan mamlakatlarga ham tez-tez taklif etishadi, mutaxassisning safar taqvimi kelasi yillar uchun ham to‘lib bo‘lgan.
Dunyoga mashhur murabbiy tashrifi ahamiyatli voqelik hisoblanadi. Biz Shonning yurtimizga tashrifi chog‘ida u bilan suhbatlashish imkoniyatini boy bermadik, albatta va uning mazmunli suhbatidan bahramand bo‘ldik.
— Xayrli kun, Shon! Toshkentga xush kelibsiz. Siz dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgansiz. O‘zbekistonga ilk bor kelishingizmi?
— Tashakkur, O‘zbekistonga birinchi marta kelishim va men bunday imkoniyat uchun tashkilotchilarga tashakkurimni izhor etaman. Toshkent juda ajoyib shahar ekan! Bu yerdagi muz arenasini ko‘rganda ko‘zlarimga ishongim kelmadi, u juda ham zo‘r! Tungi chiroqlar, sip-silliq, yaltirab turgan muz, katta majmua – hammasi g‘oyatda ajoyib, menda unutilmas taassurot qoldirdi.
— Bu yerdagi ishingiz nimadan iborat?
— Mening asosiy vazifam – mahalliy bolalar bilan yangi dasturim bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazish. Umuman olganda, bu yillik dastur, lekin uni 5 kun davomida tushuntirib berishga harakat qilaman. Bir qarashda bu ilojsizdek tuyulishi mumkin, lekin shu beshta mashg‘ulot orqali ham ajoyib natijalarga erishish mumkin. Dasturda 150 ta dribling texnikasi va 25 dan ortiq turli fintlar va raqibni aldab o‘tish usullari ko‘rsatilgan. Bolalarni dribling, chalg‘ituvchi harakatlar, shaybani nazorat qilish va saqlab turish, shayba bilan ilgarilash va tryuklarni bajarish, darvozabonga qarshi o‘ynash kabilarga o‘rgatishni istayman. Mashg‘ulotlar jarayoni besh ish kuniga bo‘lingan, 10 soat muz ustida, 10 soat «yerda», ya’ni oddiy maydonda ishlaymiz.
— Bizning bolalar boshqa mamlakatlardagi yosh xokkeychilardan qaysi jihatlari bilan farqlanadi?
— Mening universal dasturim barcha uchun, professionallar va havaskorlar uchun ham mo‘ljallangan. O‘yinchining qaysi pozitsiyada o‘ynashi ham mutlaqo ahamiyatsiz. Shu boisdan men dunyoning istalgan joyida bemalol mahorat darsini o‘tkaza olaman. Mahalliy bolalarga kelsak, albatta ular juda iqtidorli, ular bilan shug‘ullanayotgan murabbiylarga ham men “Barakalla!” deyman. Chunki natijalar, bolalarning jismoniy tayyorgarligi shunga loyiq. Ular deyarli Rossiya xokkeyi, rossiyalik xokkey ustalari va murabbiylari darajasiga yaqinlashib qolishgan. Men ularning qay darajada jiddiy va astoydil shug‘ullanishlarini yaxshi bilaman, shu boisdan bemalol solishtirishim mumkin! O‘ylashimcha, xokkeyni rivojlantirish uchun bu yerda qilinishi kerak bo‘lgan ish – bu muz arenalarining sonini ko‘paytirish, hozircha ular 4 ta ekan xolos. Yosh iqtidorlarda ko‘proq imkon bo‘lishi uchun muz arenalari ko‘p bo‘lishi kerak. Ana shunda ajabmaski, O‘zbekiston o‘yinchilarining ham pro League 2 doirasidagi o‘yinlarida ko‘rish va ularni ham dunyoning eng yaxshi xokkeychilari qatoriga qo‘shish mumkin bo‘ladi.
— Lekin hamma ham professional xokkey o‘yichisi bo‘lib yetishmaydimi, to‘g‘rimi?
— Yuz minglab yosh sportchilardan faqatgina eng a’lo o‘yinchilar xokkey klublariga olinadi. Xokkeyda raqobat juda kuchli. Yevropa yoki Osiyo klublarida o‘ynash mumkin. Shunisi qiziqki, xokkey bilan yoshligidan jiddiy shug‘ullangan sportchi sportning boshqa istalgan, xoh jamoaviy, xoh yakka turida bo‘lsin, bemalol o‘z faoliyatini davom ettira oladi. Yoshligimda otam menga ko‘p bora aytganidek, xokkeyda kuch, tezlik, dribling, umuman barcha sport turlarida asqotadigan barcha jihatlar bor. Yetuk xokkeychi bo‘lish uchun bola 4-5 yoshidan boshlab shug‘ullanishni boshlashi kerak. Hamma narsaning asosi insonda go‘dakligidan shakllanadi.
— Sizning xokkeydan boshqa qiziqishlaringiz ham bormi?
— Men juda faol sportchiman, shu boisda faqat xokkey o‘ynash bilan cheklanmayman. Bir paytlar golf va tog‘ chang‘isi bilan jiddiy shug‘ullanganman. Keyingi paytda suv ostida suzishga qiziqib qoldim, oxirgi besh yil davomida dunyo bo‘ylab kezib dayving bilan shug‘ullanyapman. O‘tkirtish nahanglar, kitlar bilan suzib ko‘rdim, ajoyib hissiyotlarni his etdim. Dayving ustasiman, deb bemalol ayta olaman.
— Toshkentdan qayday xotira bilan qaytasiz?
— Bu yerda ko‘p bo‘lmayman, asosan ish bilan bandman. Lekin kecha, shaharni aylanib yurib 12 ta yuk kranini sanadim. Hamma yoqda qurilishlar... Toshkentda bunyodkorlik juda avj olgan damlar shekilli, hozir. Toshkentning zamonaviy manzarasi, umuman O‘rta Osiyoning o‘zgacha muhiti – men tasavvur qilgandan ham ortiq.
— HUMO Arena muz saroyi haqidagi fikringiz qanday? (O‘rni kelganda aytish joizki, bu inshootni aynan bizning kompaniyamiz bunyod etgan)
— Yuqorida ta’kidlaganimdek, Enter Engineering kompaniyasi bunyod etgan ushbu inshoot juda ajoyib! Arxitekturasi va ko‘rinishi yoqimli. Fikrimcha, bu bino dunyodagi eng zo‘r sport inshootlaridan hech qolishmaydi.
— Enter Engineering kompaniyasi xodimlariga tilaklaringiz...
— Enter Engineering o‘ta zamonaviy konstruksiyaga ega binolarni bunyod etadi. Men kompaniya xodimlariga chin dildan muvaffaqiyat tilayman, butun dunyo bo‘ylab siz qurgan inshootlar soni ko‘payaversin, o‘z ishingizni a’lo darajada bajarishda davom etavering.
O‘zbekistonda xokkeyni samarali rivojlantirish uchun qilayotgan sa’y-harakatlaringizni to‘xtatmasdan davom ettiring, murabbiylar mahoratini oshirishga e’tibor qarating, mana shunga o‘xshagan ajoyib muz saroylarida mashg‘ulotlar o‘tkazing. Yoshlar xokkey bilan shug‘ullanishsin, xalqaro musobaqalarda ishtirok etishga intilishsin. Bularning hammasi ulkan, olamshumul g‘alabalarga erishishga yordam beradi, ruhlantiradi!