Yaqinda Enter Engineering kompaniyalar guruhi PR-xizmati g‘oyasi asosida bir guruh yosh alpinistlar Katta Chimyon cho‘qqisini zabt etib, u yerda kompaniya bayrog‘ini o‘rnatishga erishdilar. Alpinistlar guruhi yetakchilaridan biri kompaniyamiz xodimi, Inspeksiya nazorati bo‘yicha bosh mutaxassis, III-toifali alpinist – Anton Tkachenko bo‘ldi.
Biz bu g‘oyani kompaniyaning o‘z faoliyatida yuksak marralarga intilishi, xodimlarimizning bunyodkorlik va yaratuvchanlik yo‘lida mashaqqatli, lekin O‘zbekiston farovonligiga xizmat qiluvchi mehnati timsoli sifatida amalga oshirishni maqsad qilgandik.
Vanihoyat, bu maqsadimizga erishdik, kompaniyamiz bayrog‘i Katta Chimyonning eng baland cho‘qqisida hilpirab turibdi. Ha, bu o‘sha – Toshkentning istalgan nuqtasidan ulug‘vor ko‘rinib turadigan cho‘qqi. Endi har safar uni uzoqdan ko‘rganimizda uning cho‘qqida hilpirayotgan kompaniya bayrog‘ini ko‘z oldimizga keltirib g‘ururlanamiz.
Cho‘qqini zabt etish anchagina xatarli ish ekanini hisobga olib, jamoaga ikki nafar professional tajribali alpinist – Timur Shafiqov (Alpinizm bo‘yicha sport ustasi, katta instruktor) va Emil Sagitov (I-razryadli alpinist, tajribali instruktor) jalb etildi. Shuningdek, alpinistlarning cho‘qqiga ko‘tarilish jarayonini tasvirga tushirish uchun ikkita o‘z ishining ustasi hisoblangan tasvirchi-operatorlarni ham taklif etdik. Shu tariqa, cho‘qqidagi yuksak marrani zabt etishga jazm qilgan entuziastlar guruhi shakllandi va ular o‘z vazifalarini a’lo darajada uddaladilar.
Safardan qaytishgach, Anton Tkachenko quyidagilarni so‘zlab berdi:
- Katta Chimyon anchagina katta tog‘ massivi bo‘lib, Chotqol tizmasi tarkibiga kiradi. Tog‘ massisining Katta Chimyon deb nomlangan eng yuqori cho‘qqisi 3309 metr balandlikka ega. Cho‘qqiga ko‘tarilishimiz bir vaqtning o‘zida ham qiziqarli va sarguzashtli bo‘ldi. Bunday ekstremal tadbirlar – hamisha kutilmagan vaziyatlar va tavakkalchilikka boy bo‘ladi. Bizning cho‘qqiga ko‘tarilishimiz ham bunday holatlardan xoli bo‘lmadi, albatta. Lekin guruhimiz barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tdi va biz maqsadga erishdik. Tog‘ cho‘qqisi – go‘yo inson o‘z oldiga qo‘yadigan, ba’zan, hatto ershib bo‘lmaydigan maqsad kabidir, inson har qanday to‘siqlarga qaramay, unga intiladi va shunda undagi yashirin quvvat yuzaga chiqadi. Yuqorida, cho‘qqidan qaraganda, Katta Chimyonning juda ajabtovur manzarasi o‘zgacha namoyon bo‘ladi: u yerda tog‘larga xos purviqorlik va sokinlik hukmron... Bizning cho‘qqini zabt etgungacha kechirgan qiyinchiliklarimiz Katta Chimyon cho‘qqisiga kompaniyamiz bayrog‘ini o‘rnatgan paytimizdagi ajoyib kechinmalar bilan mukofotlandi. Aynan ana shu ajoyib tuyg‘uni his etish uchun har qancha qiyinchilikka dosh bersang, arziydi!