2021 yil oktabr oyining boshida Uzbekistan GTL loyihasi bo‘yicha Enter Engineering kompaniyalar guruhi kasaba uyushmalari tashkiloti tomonidan "Butunjahon munosib mehnat kuni"ga bag‘ishlangan «“Jarohatlanishga barham berish” konsepsiyasi: tashkilotlarning amaliyot ishlari va kasaba uyushmalarining o‘rni” mavzusida seminar tashkil etildi. Mehnatni muhofaza qilish sohasi vakillari, shuningdek menejer va yetakchi mutaxassislar seminar ishtirokchilari sifatida qatnashishdi. Tadbirda xususan «Enter Engineering» kompaniyasining Texnika xavfsizligi, Mehnatni va Atrof-muhitni muhofaza qilish menejeri Sharipov L.L., Texnika xavfsizligi, Mehnatni va Atrof-muhitni muhofaza qilish va Yo‘l harakati xavfsizligi departamentining yetakchi mutaxassisi Ashurov M.Sh, ENGvG kasaba uyushmasi Respublika maslahatining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ismoilov O.I. ishtirok etdi.
– Seminardan ko‘zlangan maqsad – tashkilotlarda mehnat muhofazasi tizimini takomillashtirishning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish. Tadbir jarayonida mehnat qonunlariga rioya qilish va mehnat xavfsizligi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, ishlab chiqarish jarayonida jarohatlanishning oldini olish masalalari muhokama qilindi, shuningdek ularni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi, - deydi Enter Engineering kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Kenjayev Bobir Olimovich.
Seminarda shuningdek quyidagi mavzularga ham alohida to‘xtalib o‘tildi: «Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi Qonunchiligining umumiy tuzilishi. Ishlab chiqarish obyektlaridagi xavfli va noxush hodisalar. Ish joyi attestatsiyasi», «Tashkilotlardagi mehnat muhofazasining yangi yondashuvlari», «"Yashil" ish o‘rinlarini yaratish orqali ekologik barqaror iqtisodiyotga adolatli o‘tish borasida kasaba uyushmalari tomonidan ishlab chiqilgan strategiya», «Jarohatlanishga barham berish. Ishlab chiqarishda "xavfsizlik madaniyati"ni shakllantirish», «Mehnat muhofazasi vakillari ishining shakllari va usullarini takomillashtirish bo‘yicha davra suhbati».