Xavfsizlik har narsadan ustuvor

17.12.2021
Поделиться:

Enter Engineering tomonidan amalga oshirilayotgan barcha loyihalarda xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi masalalariga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Kompaniyaning ushbu yo‘nalishgdagi asosiy maqsadi – ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarni oldini olish va bartaraf etish, mavjud bo‘lgan xavf-xatarni boshqarish va kamaytirish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni aniqlash hamda qo‘llash.

Shu munosabat bilan xodimlarning kundalik vazifalarini bajarishlari uchun ham O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga, ham mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarga javob beradigan qulay va xavfsiz sharoitlar yaratish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar puxtalik bilan amalga oshirilmoqda.

Uzbekistan GTL suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodini qurish jarayonida Enter Engineering rahbariyati tomonidan qurilish maydonchasi va vaxta shaharchasida xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash, shuningdek barcha xodimlarning salomatligini muhofaza qilishni ta’minlash nuqtai nazaridan ushbu loyihani har tomonlama namunali qilish vazifasi qo‘yilgan.

Mehnat muhofazasi, Texnika xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan “...-gacha va keyin” yondashuvi samarali joriy qilingan. Ya’ni, ishchining xavf-xatar bilan bog‘liq bo‘lgan harakatini yoki obyektdagi xavfsiz bo‘lmagan sharoitlarini aniqlagach, mutaxassis qoidabuzarlikni foto yoki video yordamida qayd qiladi, so‘ng maxsus umumiy kanal orqali hamkasblariga ulashadi va muammoni batafsil tushuntirib beradi. Shundan so‘ng u xavfning bartaraf etilishini nazorat qiladi va amalga oshirilgan ish natijasi aks etgan fotosuratni joylashtiradi. Xavf-xatar shu zahoti bartaraf etilib, turli xil hujjatlarni rasmiylashtirishga hojat qolmaydi. Shuningdek keyinchalik boshqa uchastkalarda shunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun xodim bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Bundan tashqari, turli xil ish turlari, xavf-xatarni aniqlash usullari va uni bartaraf etish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi.

 Kompaniya va loyiha rahbariyati tomonidan ma’qullangan ushbu yondashuv ishchilarning xavfsizlikka bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi, ish joyida o‘qitish jarayoni amalga oshiriladi, shu tarzda shikastlanish holatlari va noxush hodisalar soni kamayadi. Natijada mehnat qobiliyatining yo‘qotilishisiz 22 million xavfsiz kishi soatiga erishiladi. Xalqaro darajada ushbu ko‘rsatgich ulkan muvaffaqiyat hisoblanib, loyihada xavf-xatarni nazorat qilishning samarali usulini namoyish etadi. Bunda Mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi mutaxassislarining hissasi g‘oyat katta.

Obyektda mehnatni muhofaza qilishning barcha me’yorlari va talablariga qat’iy rioya qilish har bir xodimning burchi bo‘lib, bu orqali nafaqat ishchilarning xavfsizligi, balki uzluksiz ishlab chiqarish faoliyati ham ta’minlanadi. Obyekt hududida yuzaga keladigan har qanday muammo, hatto u ahamiyatsiz ko‘rinsa ham, ancha jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois UzGTL loyihasida ishlab chiqarish xavfsizligi, mehnat muhofazasi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi eng ilg‘or xalqaro standartlar joriy etilgan.

UzGTL loyihasining Mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi qurilishning boshlang‘ich bosqichida 45 ta yuqori malakali va tajribali mutaxassislardan tashkil topgan. Ushbu mutaxassislar mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini o‘z nazoratiga olib, bo‘limning tashkiliy tuzilmasiga muvofiq biriktirilgan barcha sektorlarni har kuni navbat bilan tekshirib turishadi. Xodimlarning asosiy maqsadi – joylarda xavfsiz bo‘lmagan harakatlar va mehnat sharoitlarini aniqlash, ularni oldini olish va xavf-xatarni minimumga keltirish, ishchilarni xavf-xatarni aniqlashga o‘rgatish.

Enter Engineering kompaniyasi nomidan UzGTL loyihasining Mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyiligi va insonlar hayotini saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirayotgan mehnati uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bo‘limning barcha mutaxassislariga ulkan muvaffaqiyatlar, kasbiy rivoj va loyihalarda mehnat xavfsizligini ta’minlashda bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat tilab qolamiz.

 
Biz ham tavsiya qilamiz