Samarqanddagi «Sayyohlik markazi qurilishi» (SMQ) loyihasi bo‘yicha qurilish-bunyodkorlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Quruvchi ishchilar bilan bir qatorda tibbiyot xodimlari ham o‘zlarining kasbiy burchlarini a’lo darajada amalga oshirib kelishmoqda.
Ba’zida qurilish jarayonida noxush voqealar, masalan, turli jarohatlar yuz berishi mumkin. Bunday baxtsiz hodisalar paytida tezkor ravishda birinchi yordam ko‘rsatish juda muhimdir. Shuning sababli, SMQ loyihasining feldsherlari tomonidan har kuni ishchilarning sog‘lig‘ini himoya qilishda samarali amalga oshiriluvchi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga asoslangan turli treninglarni tashkil etilmoqda. Bu safargi trening mavzusi: «Qon ketishi. Qon ketishi turlari. Qon ketishini to‘xtatish usullari» Mazkur o‘quv trening feldsherlar Mahkam Samadov va Hazrat Umarovlar tomonidan o‘tkazildi.
Quruvchilar diqqatiga jarohat olgan insonga qon ketishi paytida mumkin bo‘lgan usullar orqali qonni to‘xtatish haqida qimmatli ma’lumotlar berildi. Xususan, bunday holatlarda jgut, bosim bandajidan to‘g‘ri foydalanish, oyoq-qo‘llarni bog‘lash ko‘rsatib berildi. Jgut sifatida shimlarning kamaridan, alpinizm himoya vositalarining tasmasidan yoki mato bo‘lagidan foydalanish mumkin. Bosim bandaji faqatgina og‘ir qon yo‘qotish holatida qo‘llanilib, uni qon ketayotgan joyning yuqorisida bog‘lash tavsiya etiladi. Shuningdek, jgut a’zoning shikastlanishi, uvishib qolmasligi uchun uni kiyim ustidan, nevr tolalarini qattiq siqmagan holatda qon ketishi to‘liq to‘xtagunga qadar tortish kerak. Agar jarohat olgan insonga bir soat ichida tibbiy yordam ko‘rsatishning iloji bo‘lmasa, har 30 daqiqada jgutni 10 daqiqaga bo‘shatib, keyin yana mahkamlash zarur. Shuningdek, boylam qo‘yilgan vaqtni qog‘ozga qayd etib borish lozim.
««Har bir inson birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish qoidalarini bilishi va jarohat olgan insonlarga yordam ko‘rsatish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi, favqulodda vaziyatlarda nafaqat o‘zining, balki yaqinlari va atrofidagilarning ham hayotini saqlab qolishida muhim hisoblanadi. Birinchi tibbiy yordam o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatilganda ko‘plab noxush holatlarning oldini olish va pirovardida, shikastlangan insonni davolash muddatini qisqartirish imkonini beradi», - deya izoh berdi Samarqand sayohlik markazi qurilishi loyihasi feldsheri Mahkam Samadov.
Trening ishtirokchilari taqdim etilgan ma’lumotlarni diqqat bilan tingladilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.