Issiq o‘tganda va oftob urganda ko‘rsatiladigan birinchi yordam

21.06.2022
Поделиться:

O‘zbekiston — serquyosh o‘lka bo‘lib, yilning uch yuz kunida osmonda quyosh charaqlab turadi. Bunday ob-havoda osongina issiq o‘tishi yoki oftob urishi mumkin. Barcha uchun birdek xavfli bo‘lgan bunday holat yuz berganda darhol birinchi yordam ko‘rsatilishi talab etiladi.

Sog‘liqni saqlash xizmati bo‘yicha mutaxassis Mizrob Xaqberdiyev issiq va oftob urishidan qanday himoyalanish, bunday holatda qanday choralar ko‘rish va tibbiyot xodimlari kelguniga qadar birinchi yordam ko‘rsatish tartibi haqida gapirib berdi. O‘quv treningi «Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom al-Buxoriy maqbarasi majmuasi hududini obodonlashtirish, rekonstruksiya qilish va yangitdan qurish» loyihasi doirasidagi qurilish maydonchasida o‘tkazildi.

Issiq o‘tganda va oftob urganda ko‘rsatiluvchi birinchi yordam, prinsipial jihatdan bir-biridan farq qilmaydi. Asosiysi, uni o‘z vaqtida qo‘llash va bajariladigan harakatlar aniqligi va ketma-ketligiga rioya qilish zarur:

·     jarohatlangan insonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushuvchi/issiq hududdan chetga oling va uni chalqancha holatda soya-salqin yoki yaxshi shamollatilgan joyga yotqizing;

·     tanani siqib turgan kiyim/aksessuarlar, ya’ni kamar, bo‘yinbog‘ va boshqalardan xoli qiling;

·     agar jarohatlangan inson hushida bo‘lsa va suvni yuta olsa, suv yetishmovchiligini qoplash maqsadida ko‘p miqdorda suyuqlik ichiring;

·     jarohatlangan inson hushsiz bo‘lsa, tili orqaga ketib qolmasligi yoki nafas yo‘llariga qusgan massasi yutilishi natijasida bo‘g‘ilib qolmasligi uchun uni yonboshlab yotqizib qo‘ying;

·     iloji boricha tanani sovuting: sovuq suv bilan arting, sovuq suvda namlangan sochiq bilan o‘rang yoki muzlatilgan oziq-ovqat qopchalarini tanaga qo‘ying.

Trening davomida ishtirokchilar, eng asosiysi, befarq bo‘lmaslik va boshqa kimdir yordam beradi deb o‘ylamaslik muhimligini tushunishdi. Avvalo, vahimaga tushmaslik, aniq harakat qilish va iloji boricha tezroq shifokorlar va qutqaruvchilarni chaqirish kerak. Eslatib o‘tamiz, sog‘liqni saqlash mutaxassislari Enter Engineering ning har bir loyihalarida faol ishtirok etishmoqda.

 

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz