Xayriya aksiyasi. “Ibrat” mahallasi bolajonlari uchun maydoncha

15.06.2021
Поделиться:

Bolalarning shodon chehrasi, quvnoq kulgisini ko‘rganda zavqi kelmaydigan, qalbi yorishmaydigan odam bo‘lmasa kerak dunyoda. Bola quvonchi va kulgusi eng jiddiy, hattoki uncha-muncha toshbag‘ir kishining ham ko‘nglini yumshatadi. Ruhshunos olimlarning ta’kidlashicha, kulib turgan bolakaydan atrofga ijobiy quvvat yoyilar ekan. Kuni kecha biz bir yo‘la yuzdan ortiq kulib-quvnayotgan bolajonlarning zavqidan zavqlanib, ijobiy quvvatini his qildik. Bu bolajonlar Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi “Ibrat” mahallasida yashaydilar va kechagina ular uchun mahalla hududida qurilgan chiroyli, zamonaviy arg‘imchoqlaru sirpanma-tirmashma qurilmalar, turli balandikdagi turniklar bilan jihozlangan, yumshoq chim to‘shama yotqizilgan Bolalar maydonchasi foydalanishga topshirildi. Maydonchaning tantanali ochilish marosimi haqiqiy shodiyonaga aylandi: bolajonlar, ayniqsa ularning onalarining quvonchlari cheksiz edi. Bu xayrli ish tashabbuskorlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘riqlash bosh boshqarmasi hamda Enter Engineering kompaniyalar guruhi bo‘lib, bu ikki tashkilot sa’y-harakati bilan “Ibrat” mahallasi hududidagi qarovsiz yotgan 300 kvadrat metrlik joy tozalanib, tekislandi va bolalar maydonchasi bunyod etildi. Bundan tashqari, maydoncha tevarak-atrofi obodonlashtirilib, yashil hudud barpo etildi. Ushbu obyekt Enter Engineering kompaniyalar guruhi xayriya tadbirlari doirasiga kiradi va maydonchani qurish, jihozlash uchun kompaniya tomonidan 80 million so‘m mablag‘ sarflandi.

     Mahallamizda aholi ehtiyoji uchun xizmat qiluvchi ko‘plab inshootlar bo‘lsa-da, aynan bolalar maydonchasi yo‘q edi, - deydi biz bilan suhbatda “Ibrat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mashrabjon Qodirov. – Aynan shunday joyga ehtiyojimiz juda katta edi. Bu maydoncha kichik yoshdagi bolalarimizning bog‘cha-maktabdan bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun xizmat qiladi. Bu xayrli ish tashabbuskori va tashkilotchisi bo‘lgan Enter Engineering kompaniyasi va boshqa mas’ullarga mahalladoshlarimiz nomidan minnatdorchilik bildiramiz.

     Maydonchaning ochilishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik M. G‘aniyev, Milliy gvardiyaning Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik D. Nortojiyev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i I. Ibragimov, Zangiota tumani Milliy gvardiyasi boshlig‘i, tuman hokimining o‘rinbosari S. Nosirov, tuman kengashi deputati Z. Boysariyev va Enter Engineering kompaniyalar guruhi PR-xizmati ishtirok etdilar.

Quyidagi ilovada fotohisobot bilan tanishishingiz mumkin: https://disk.yandex.uz/a/lj1h-K9vbYdWjA

 
Biz ham tavsiya qilamiz