"SAXOVAT" UYI SAYRGOHI YANADA OBOD BO‘LDI

10.05.2021
Поделиться:

 

Samarqand shahridagi "Saxovat" keksalar va nogironlar uchun internat uyining tashkil topganiga qariyb yarim asrdan oshdi. Albatta, shuncha yillar davomida ushbu maskan necha yuzlab, hattoki minglab insonlarning quvonchu anduhlariga, yaxshi-yomon kunlariga shohid bo‘ldi. Taqdir taqozosi bilan bu yerda yashayotgan keksalar va nogironlarning soni ayni kunda 138 nafarni tashkil etadi, keksalarning ko‘pchiligi urush va mehnat faxriylaridir. Keksa faxriylarimiz uchun alohida faxrli bayram hisoblangan 9 may - Xotira va qadrlash kuni arafasida bu maskanda yashovchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi - maskan hovlisidagi sayrgoh paviloni "Enter Engineering group" kompaniyasi tomonidan obodonlashtirilib, bahavo joydagi mavjud shiyponlar soni ko‘paytirildi.

"Saxovat" uyi direktori Surayyo Djavatova biz bilan suhbatda bu xayrli ishning hozirgi karantin sharoitini hisobga olganda, maskan yashovchilari uchun aynan kerakli vaqtda amalga oshganini alohida ta’kidladi.

 

- "Saxovat" uyimiz ehtiyojlari va muammolari hamisha viloyat hokimligi, mutasaddi tashkilotlar, qolaversa saxovatpesha homiylar e’tiborida bo‘lib kelgan, - deydi Surayyo Nasrullayevna. - Keyingi yillarda bu yerda barcha sharoitlarga ega 50 o‘rinli yangi kompleks qurib bitkazildi, alohida kir yuvish va quritish xonalari maxsus zamonaviy maishiy jihozlar bilan ta’minlandi. Muassasamizda yashovchilarning aksariyati salomatligida yoshi va nogironligi bilan bog‘liq nuqsonlar mavjudligi bois ular uchun maskan hovlisida toza havoda sayr juda foydali hisoblanadi. Maskanimizda bunga sharoitlar yo‘q emasdi, sayrgohimiz. shiyponlarimiz bor edi. Shunday bo‘lsada, "Enter engineering group" kompaniyasining xayrli tashabbusi natijasida shiyponchalarimizning yanada ko‘paygani, ayniqsa, hozirgi karantin sharoitida ayni muddao bo‘ldi. Mana endi sayrgohimizda shinam shiyponlar soni ortib, yashovchilarimizning kichik guruhlarga bo‘linib, sayr qilish va shiyponchada hordiq chiqarishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratildi.   

 

"Saxovat" uylari butkul davlat ta’minotida ekanligidan tashqari, homiylik harakati bizda yaxshi rivojlangan, muassasamizga ko‘plab tadbirkorlar, tashkilotlar homiylik yordamini taklif etishadi. Masalan, "Enter engineering group" kompaniyasi vakillari ham o‘z yordamlarini taklif etishdi va bu tashabbus muassasamiz uchun xayrli bo‘ldi. Sayrgohdagi qurilish ishlarini muassasamiz yashovchilarining juda katta qiziqish va intiqlik bilan kuzatishganiga guvoh bo‘ldim. Mana endi, sayrgohimiz yanada gavjumlashadi, shiyponchalarda shaxmat-shashka o‘yinlari avj oladi, bayram kunlari kuy-qo‘shiqlar eshitila boshlaydi. Chunki keksalarimiz orasida akkordeon va gitara chaladigan, kuy-qo‘shiqlarni maromiga yetkazib ijro etadigan, shaxmat-shashka ustasi bo‘lgan juda quvnoq, iqtidorli kishilar ko‘p. Shiyponchalarimiz ko‘paygani ular uchun haqiqiy bayramon tuhfa bo‘ldi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun kompaniyaga rahmat!

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz