Yaxshilik va mehr-muruvvatdan dunyo tom ma’noda go‘zalllashib, yanada munavvar bo‘ladi. Kishilarga, ayniqsa, taqdir sinovlariga uchragan va ko‘ngli yarim kishilarga beminnat yordam qo‘lini cho‘zish – hayotimizga mazmun-mohiyat, qalblarimizga taft bag‘ishlaydi. Muhimi, bu ishlarni chin yurakdan, xolisanillo bajarishdir. Enter Engineering kompaniyasi yillar davomida xayriya tadbirlariga alohda e’tibor qaratgan holda ko‘makka muhtoj bo‘lgan kishilarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda.
Yaqinda poytaxtdagi bir nechta Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilarini moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kompaniyamiz tomonidan navbatdagi yana bir xayriya aksiyasi o‘tkazildi. Enter Engineering xodimlari Chilonzor tumanida joylashgan A.P. Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi, Olmazor tumanidagi 2-Muruvvat uyi, Yashnobod tumanidagi 30-Mehribonlik uyiga, shuningdek «Ziyo nuri» nodavlat notijorat tashkiloti ofisiga tashrif buyurdilar.
Ikki kunlik xayriya tadbiri doirasida yuqorida sanab o‘tilgan muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar uchun jami 710 qadoq oziq-ovqat va shirinliklar yetkazib berildi. Tashkiliy ishlar karantin qoidalariga rioya etgan holda bajarildi.
Albatta, bu kabi muassasalarning barchasi davlat ta’minotida bo‘lib, ularda yetim va nogiron bolalarning munosib turmush kechirishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kompaniyamiz tomonidan tashkil etilgan bu kabi xayriya tadbirlari esa ushbu muassasalar tarbiyalanuvchilariga xursandchilik bag‘ishlab, mehrga tashna dillariga dalda beradi. Buning evaziga erishganimiz – bolajonlarning ko‘zlarida porlagan shodlik va minnatdorchilik nurlari, ularning kompaniyamizga rivoj va taraqqiyot tilab beg‘uborlarcha, chin dildan bildirgan samimiy tilaklaridir. Shubhasizki, bu tilaklar biz uchun juda qadrli...