Bolalar uchun ajoyib ertak

20.12.2021
Поделиться:

18 dekabr kuni Enter Engineering kompaniyasi tomonidan Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi «Mehribonlik» bolalar uyi tarbiyalanuvchilari va «Mehribonlik» o‘zaro ijtimoiy yordam nogironlar jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘limi a’zolari bo‘lgan bolalar uchun xayriya aksiyasi tashkil etildi.

           Shu kuni «Xumo Arena» muz saroyida muzda figurali uchish bo‘yicha Rossiya va jahon chempionlari ishtirokida «Qizil gul» tomoshasi namoyish etildi. Kechaning asosiy mehmoni olimpiada chempioni Alina Zagitova bo‘ldi. Ertak asosida sahnalashtirilgan tomosha yorqin sahna liboslari, chiroqlar shousi va aynan shu tomosha uchun maxsus bastalangan ajoyib musiqa hamrohligida shunday go‘zal shouga aylandiki, uni tomosha qilgan har bir insonning qalbida go‘zal taassurotlar qoldirdi.

         Tomoshaga taklif qilingan bolalar ota-onalari va tarbiyachilari hamrohligida ikkita qulaylashtirilgan avtobuslarda, Yangi yil va do‘stlik haqidagi qo‘shiqlarni baralla kuylagancha, yo‘l-yo‘lakay rang-barang chiroqlarga burkangan Toshkent shahrining bayramoldi manzarasidan zavqlangan holda «Xumo Arena»ga yetib keldilar.

         Tomosha payti bolalar muz ustida mohirona raqsga tushayotgan artistlarning har bir hatti-xarakatini cheksiz qiziqish bilan kuzatdilar. Ularning barchasi tomoshadan so‘ng bir-birlariga o‘z taassurotlari haqida hayrat ila so‘zlab berdilar. Ularning ko‘pchiligi bu ertakni yana bir bor o‘qib chiqishga va shu kuni muz ustida qo‘yilgan tomoshadan olgan taassurotlarini yanada boyitishga va’da berdilar.

         ««Enter Engineering kompaniyasidagi do‘stlarimiz bugun bizni «Qizil gul» muzdagi shousiga taklif etishdi. Bolajonlar bu tomoshadan juda ajoyib taassurotlar olishdi, tomosha ularning barchasiga juda yoqdi. Bunday tadbirlar bolalarimizning ma’naviy-ruhiy dunyosi to‘g‘ri shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular yolg‘iz emasliklarini, dunyoda ularga har doim yordam qo‘lini cho‘zishga, mehr ko‘rsatishga tayyor insonlar borligini his qilishlari juda muhim. Muassasamizning pedagogik kollektivi nomidan Enter Engineering kompaniyasiga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. G‘amxo‘rligingiz va bolalarimizni kamolga yetkazishga qo‘shayotgan munosib hissangiz uchun katta rahmat!» - deydi Yashnobod tumanidagi «Mehribonlik» bolalar uyi rahbari Feruza Usmonxo‘jayeva.

       «Mehribonlik» o‘zaro ijtimoiy yordam nogironlar jamiyati Yakkasaroy tumani bo‘limi rahbari Zulfiya Yoqubova ham jamiyatning barcha a’zolari nomidan minnatdorchilik izhor etdi:

       ««Hammamiz Enter Engineering kompaniyasi rahbariyati va jamoasiga tashakkur aytamiz. Bugungi tadbir tufayli Yangi yil bayrami arafasida qalblarimiz yana bir bor quvonchga to‘ldirdi. Biz «Qizil gul» nomli muz ustidagi myuziklni juda qiziqib tomosha qildik, bayramona kayfiyatimiz ikki karra ortdi. Ehtiyojmandlarga hamisha ko‘mak ko‘rsatishga shay bo‘lgan Enter Engineering kompaniyasiga ulkan muvaffaqiyatlar va yutuqlar tilaymiz».

         Shu kungi xayriya aksiyasida 30 nafar bolalar uyi tarbiyalanuvchilari va «Mehribonlik» o‘zaro ijtimoiy yordam nogironlar jamiyatiga a’zo bolalar va ularning ota-onalaridan iborat 15 kishilik guruh ishtirok etdi.Tomoshadan so‘ng, bolalar yorqin taassurotlar va yaxshi kayfiyatga qo‘shimcha ravishda Enter Engineering kompaniyasining maxsus yangi yil sovg‘alariga ham ega bo‘ldilar. Shu kungi shanba oqshomi ushbu tadbir tashkilotchilari uchun ham, taklif etilgan mehmonlar uchun ham birdek ko‘ngilli o‘tdi.

 
Biz ham tavsiya qilamiz