Islom olamida buyuk olim xotirasiga ehtirom

03.03.2022
Поделиться:

Imom al-Buxoriy – dunyoga tanilgan hadisshunos, Sharqning buyuk sahihshunos olimi, o‘zbek xalqining alloma ajdodi hisoblanadi. Uning nomi islom olamida bebaho, muqaddas Qur’ondan keyingi maqomda turuvchi «Al-Jomi’ as-Sahih» kitobining muallifi sifatida tarixga muhrlangan. Al-Buxoriyning bu asarida Payg‘ambarimiz hayotlariga oid voqeliklar tafsilotlari va hikmatli so‘zlari jamlangan bo‘lib, yetti mingtadan ortiq naqllarni o‘z ichiga oladi. Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi alloma abadiy makon topgan qadimiy xonaqohda 1997-1998 yillarda, Al-Buxoriy tug‘ilganining 1225-yilligi munosabati bilan yodgorlik majmuasi barpo etildi va bu joy O‘zbekistondagi eng asosiy hamda gavjum ziyoratgohga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga 2017 yildagi tashrifi chog‘ida Imom al-Buxoriy majmuasini butkul rekonstruksiya qilish haqida qaror qabul qilingan edi. Enter Engineering kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyihada har biri 74 metrli balandlikka ega bo‘lgan to‘rtta minorali 10000 o‘rinli masjid, 1 ta to‘rt yulduzli va 2 ta uch yulduzli mehmonxonalar hamda 24 ta oilaviy mehmonxonalar qurilishi, yodgorlik majmuasini 9x9 metrlik o‘lchamdan 13x13 metrlik o‘lchamgacha kengaytirgan holda to‘liq rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosini aks ettiriuvchi tematik xiyobon, savdo shoxobchalari, avtoturargohlar va boshqa infrastrukturaviy obyektlar qurilishi bilan hududni obodonlashtirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda majmuani rekonstruksiya qilish jarayoni qizg‘in pallaga kirgan. Qurilish maydonida masjid, ayvonlar, ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari uchun mo‘ljallangan temir-beton konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari avjida. Yangiyo‘ldagi Enter Steel zavodida masjid va xonaqoh gumbazlariga asos bo‘luvchi metall konstruksiyalar yasalmoqda. To‘rtta minoraning temir-beton asoslari +10 800 metrgacha quyib bo‘lindi, tashqi drenaj tizimi ishlarining 80 foizi yakunlandi. Shuningdek, suv sathini pasaytirish uchun mo‘ljallangan 8 ekspluatatsiya va 1 ta kuzatuv qudug‘ini qazish ishlari boshlandi.

Bundan tashqari, obyektning ichki hovlisida kommunikatsiya yerosti yo‘li qurilishi yakuniga yetdi, majmuadan qozonxonagacha bo‘lgan issiqlik yo‘lini jihozlash bo‘yicha ishlar qizg‘in davom etmoqda. Binolar ichida havoni uzatuvchi va tortuvchi vositalarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda, yaqin kunlarda esa tutunni haydash tizimining montaj ishlari hamda bino tashqi qismini Gretsiyaning Tasos orolidan maxsus keltirilgan oq rangli marmar bilan qoplash ishlari boshlanadi.

Yodgorlik majmuasini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida Enter Engineering kompanisining ming nafardan ortiq ishchisi jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilmoqda, jumladan, qurilish maydoniga 82 ta qurilish texnikasi birligi jalb etilgan. Kompaniya barcha ishlarni yuqori sifatda bajarish va majmua hududida mavjud bo‘lgan tabiiy obyektlarni saqlab qolishga alohida ahamiyat berilgan. Kompaniyamizning har bir xodimi uchun yaqin kelajakda dunyo musulmonlarining ziyoratgohiga aylanajak ushbu muqaddas manzilni bunyod etish va obodonlashtirish ishlariga hissa qo‘shish katta sharafdir. Zero, Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi buyuk hadisshunos ajdodimizning muqaddas xotirasiga nisbatan xalqimizning chuqur ehtiromi ifodasi bo‘lib qolajak. 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz