Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mineral oʼgʼitlar ishlab chiqarish zavodi qurilishi boʼyicha hamkorlik toʼgʼrisida kelishuv imzolandi

25.03.2022
Поделиться:

Ferkensco Management Limited, Casale S.A. va Enter Engineering Pte. Ltd. tomonidan Sirdaryo viloyatida zavod qurish boʼyicha uchtaraflama kelishuv imzolandi.

2022-yil 24-mart, Toshkent. – Oʼzbekistonda faoliyat olib boruvchi Ferkensco Management Limited va Enter Engineering kompaniyalari hamda Shveytsariyaning Casale S.A. kompaniyasi oʼrtasida Oʼzbekistonda azotli oʼgʼitlar ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boʼyicha hamkorlik toʼgʼrisida kelishuv imzolandi. Kelishuvni imzolash marosimi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida boʼlib oʼtdi.

Kelishuvdan koʼzlangan maqsad – kelgusidagi hamkorlikni yoʼlga qoʼyishda umumiy investitsiya hajmi 500 million АQSh dollariga teng boʼlishi kutilayotgan loyihani moliyalashtirish borasida asosiy qoidalarni belgilashdan iborat.

Casale S.A. kompaniyasi 2021 yilda ammiak, karbamid ishlab chiqarish va granulalash qurilmalari uchun barcha litsenziyalar hamda boshlangʼich muhandislik loyihalarini taqdim etish boʼyicha shartnomaga ega boʼlgan. Yevropa tomonidan moliyalashtirilishiga koʼra mazkur uchtaraflama kelishuv Casale S.A. ning yagona hamkor sifatida maqomini tasdiqlaydi, uning texnologiyasi esa zavodni loyihalashtirish hamda oʼta muhim asbob-uskunalar tizimlarini yetkazishda izchillikni taʼminlab beradi.

Casale S.A. kompaniyasi Uzliti Engineering mahalliy loyihalash instituti koʼmagi bilan ishlovchi loyiha bosh loyihalovchisi etib tayinlandi.

Аmmiak asosida mineral oʼgʼitlar ishlab chiqaruvchi zamonaviy zavod Oʼzbekiston Respublikasi Sirdaryo viloyatidagi Yangiyor shahrida quriladi. Ushbu loyiha mamlakatda kimyo sohasini yanada rivojlantirish, diversifikatsiyalash hamda investitsion jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Bunyod etilgach zavod yiliga 495 000 tonnagacha ammiak va 594 000 tonnagacha granulalangan karbamid ishlab chiqarish quvvatiga ega boʼladi.

Zavodni qurib bitkazish 2025-yilga belgilangan boʼlib, qurilish jarayoni boshlanishi bilan 500 ta yangi ish oʼrinlari yaratiladi.

Ferkensco vakolatxonasi rahbari Timur Joʼraev shunday fikr bildirdi: «Bizning Casale S.A. va Enter Engineering kabi ishonchli kompaniyalar bilan uzoq muddatli xalqaro hamkorlikka erishish yoʼlidagi saʼy-harakatlarimiz oʼz natijasini berayotganidan juda mamnunmiz. Bugungi kelishuv mamlakatimiz uchun juda ahamiyatli boʼlgan ushbu loyihani amalga oshirishda asosiy qadam hisoblanadi. Zavod qurilishi yakunlangach, u yerda yuqori samarador azot mineral oʼgʼitlar ishlab chiqariladi, bu oʼz oʼrnida Oʼzbekistonning ichki ehtiyojini qondirish, shuningdek tashqi bozorda savdo-sotiq koʼlamini kengaytirish imkonini beradi».

Casale S.A.ning tijorat boʼlimi direktori Lorentso Pennino jumladan shunday dedi: «Ferkensco Management Limited bilan uzoq muddatli hamkorlik qila boshlaganimizdan juda xursandmiz. Ushbu hamkorlik sharofati bilan xalqaro bozordagi ishtirokimizni yanada kengaytirish imkoni tugʼiladi. Maqsadimiz — yuqori sifatli texnik ekspertiza taqdim etish hamda samaradorlik, ishonchlilik va xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratish orqali oʼzimizning kuchli jihatlarimizni namoyon etish va ulardan unumli foydalanishga erishishdir».

Enter Engineering vakili Аlfonso Tengko quyidagilarni eʼtirof etdi: «Bu kelishuv Casale S.A. va Ferkensco Management Limited oʼrtasidagi unumli hamda uzoq muddatli munosabatlarga asoslangan. Ushbu tashabbusda oʼz oʼrnimizga egaligimizdan faxrlanamiz va EPC sohasida bor tajriba, bilimimizni Oʼzbekistonda qishloq xoʼjaligi sektorini yuqori sifatli oʼgʼitlar bilan taʼminlashga qodir boʼlgan zamonaviy va samarador zavodni bunyod etishga safarbar etamiz».

 

 

 
Biz ham tavsiya qilamiz