Аyni kunlarda Samarqand viloyatida kompaniyamizning yana bir yirik va juda muhim loyihasini amalga oshirish jarayoni qizgʼin ketmoqda. Samarqandning Pastdargʼom tumanidagi Kimyogarlar shaharchasida Enter Engineering ning 449 nafar ishchisi jamlangan katta quruvchilar jamoasini, shuningdek 92 maxsus texnika birligini jalb etgan holda boʼyicha vertikal integratsiyalashgan mineralь oʼgʼitlar ishlab chiqarish majmuasi qurilmoqda.
Mazkur loyiha buyurtmachisi Ferkensco Management Limited hisoblanadi. Loyihadan koʼzlangan maqsad – «Samarqandkimyo» АJ bazasida yiliga 370 ming tonna monoammoniyfosfat (MAP) va 540 ming tonna azot-fosfor-kaliy (NPK) tarkibli oʼgʼitlar ishlab chiqarish quvvatiga ega boʼlgan ekologik zararsiz kimyoviy majmuani bunyod etish.
Qurilish maydoni hajmi 46 gektarga teng. Kompaniya zimmasiga oltingugurt kislotasini olish uchun, jumladan, oltingugurtni eritish, kuydirish hamda oltingugurt dioksidini konversiyalash, quritish va absorbtsiyalash, issiqlikdan foydalanish jarayonlari uchun moʼljallangan tegishli qurilmalarni, ishlatib boʼlingan suvni sovutish stantsiyasini, oltingugurt kislotasini saqlash uchun rezervuarlar parkini qurib bitkazish masʼuliyati yuklangan. Shuningdek, fosfor kislotani olish uchun reaktsiyalashuv, filьtrlash, EFKni quyuqlashtirish hamda kislotani olish sektsiyalari, suvni sovutish stantsiyasi, fosfor kislota saqlanadigan rezervuarlar parki, fosfogipsni ajratib olish tizimi ham quriladi. Granulalangan MАR ishlab chiqarishi uchun ammiakni bugʼlantirish tuguni, ammiakni tushirib olish tuguni, ammiak uchun rezervuarlar parki, konditsiyalovchi qorishmani tushirish maydoni, granulalash va quritish sektsiyalarini qurish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, loyihada issiqlik elektrostantsiyasi qurilishi koʼzda tutilgan boʼlib, u majmuaning elektr quvvatiga boʼlgan ehtiyojini toʼliq qondiradi. Ishga tushirish qozonxonasi, zavodning umumfoydalanishdagi obʼektlari sirasiga kiruvchi markaziy muhandislik korpusi, siqilgan havo kompressorxonasi, suvni kimyoviy tayyorlash qurilmasi, komplektlashgan blok-modulli transformator nimstantsiyasi (KTN), oqava suvni qayta ishlash stantsiyasi, xomashyoni tushirib olish uchun bino, xomashyo ombori, mahsulotni saqlash va yuklash qurilmasi, temir yoʼlga chiqish yoʼlaklari, NKP, oqava-nasos stantsiyasi, АGTKS, avtotarozilarni, tashqi infrastruktura obyektlaridan esa avtoyoʼl, gazquvuri hamda ikkita suvuzatgich tizim qurilishi ham umumiy ishlar rejasiga kiritilgan.
Kompaniya Loyiha ofisi direktori Ravshan Isaevning taʼkidlashicha, mazkur loyiha mamlakatimiz iqtisodiyoti, ayniqsa, qishloq xoʼjaligi sohasini yanada rivojlantirishda strategik ahamiyat kasb etadi.
«Ushbu majmua foydalanishga topshirilgach, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi nafaqat mamlakatimizning ichki ehtiyojini qondiradi, balki Markaziy Osiyo, hatto Yevropa mamlakatlariga eksport qilish imkonini beradi, chunki kimyoviy majmua ishlab chiqarishi boʼyicha eng kam chiqim bilan ishlovchi 25 foiz ishlab chiqaruvchilar qatoriga kiradi, – deydi Ravshan Isaev. – Yangi majmuaning bor quvvati oʼgʼitlar, xususan, sulfat ammoniydan – azot-oltingugurt tarkibli oson soʼriladigan shakldagi oʼgʼitlar, karbamiddan – azotli oʼgʼitlar, melamindan – yuqori sifatli polimer materiallar uchun asos va toʼldiruvchilar, shuningdek, fosfordan – koʼpmaqsadli kompleks oʼgʼitlar ishlab chiqarishga qaratiladi.
Fosfor kontsentrati Navoiyning Markaziy Qizilqumidagi yangi kondan keltiriladi. Аmmiakni esa majmuamiz dastlab «Navoiyazot» АJdan, keyinchalik esa Sirdaryo viloyatining Yangieridagi yangi majmuadan oladi. Oltingugurtning qoʼshimcha hajmi «Olmaliq KMK» tomonidan taʼminlanadi. Majmua ishga tushirilishi bilan yaratilgan qoʼshimcha ish oʼrinlari esa nur ustiga aʼlo nur, chunki koʼplab yosh mutaxassislarni nufuzli ish bilan taʼminlash imkoniyati tugʼiladi.
Bugungi kunda qurilish maydonida ishlar juda avjida, hozirgacha poydevor yotqizish uchun qazish ishlarining 40,64 foizi, beton quyish ishlarining 20,13 foizi uddalandi. Loyiha masshtab jihatidan gʼoyatda ulkan: texnologik estakadalar uzunligi 3 km dan oshadi, ammiakni tushirib olish tugunlari quvvati – bir vaqtning oʼzida 8 ta t/y sisternasini tushirish, qattiq oltingugurt ombori quvvati – bir vaqtning oʼzida 6 ta yarimvagonni boʼshatishga teng, har biri 200 m3 sigʼimga ega boʼlgan 22 ta ammiak rezervuari boʼladi. Vaxta rejimi tartibida ishlayapmiz, qurilish maydonida ishchilar uchun kundalik maishiy shart-sharoitlar yuqori darajada muhayyo etilgan, bu oʼz oʼrnida barcha jarayonlarning sifatli va unumli olib borilishini taʼminlaydi. Ishchilarimizning kayfiyati va ishga nisbatan ishtiyoqi tahsinga loyiq, oʼylaymanki, shunday gʼayrat-shijoat bilan ishlashda davom etsak, loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga albatta erishamiz».
Mavluda АZIMOVА