Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» sayyohlik markazi Markaziy Osiyoning yangi durdonasiga aylandi. Bu yerda qad rostlagan mehmonxona binolarining o‘ziga xosligi, «Boqiy shahar»ning sharqona jozibasi, kongress-xollning ishbilarmonlik tamoyillariga to‘liq mosligi, nur taratuvchi chiroqlar va musiqali favvora kasb etgan go‘zallik — barcha-barchasi eng kichik detallargacha puxta o‘ylangan bo‘lib, har bir element me’moriy va landshaft uyg‘unligidagi betakror ansambl yaratilishiga xizmat qilgan.
Majmua jami 1,2 mingta xonaga ega bo‘lgan sakkizta xalqaro maqomdagi mehmonxonalardan tashkil topgan bo‘lib, ulardan ikkitasi besh yulduzli, ikkitasi to‘rt yulduzlidir. Samarkand Regency Amir Temur 5* mehmonxonasi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib dunyoning yetakchi mehmonxonalari assotsiatsiyasi — The Leading Hotels of the World tarkibiga kiradi.
Shuningdek, bu yerda sayyohlarni davolash va reabilitatsiya qilish ishlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. To‘rtta Wellness Park Hotels ni o‘z ichiga olgan tibbiy klaster tibbiy turizm ixlosmandlari xizmatiga shay qilingan. Mehmonlarga har tomonlama tibbiy ko‘rikdan o‘tgan holda tana kuch-quvvatini tiklashga qaratilgan dasturlardan foydalanishlari mumkin.
Markaziy Osiyodagi eng yirik kongress markazi siyosiy, jamoatchilik va ishbilarmonlik yo‘nalishida istalgan miqyosdagi anjumanlarni o‘tkazish imkonini beradi. Mazkur yuqori texnologiyali platformada umumiy sig‘imi 3,5 ming kishigacha bo‘lgan o‘n uchta konferensiya zallari yaratilgan. Yaqin kunlarda bu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi o‘tkazilishi kongress markazdagi keng imkoniyatlarning yanada yaqqol tasdig‘idir. Xalqaro delegatsiyalar ishtirokchilari belgilangan kun tartibi doirasida samarali ishlash bilan birga an’anaviy sharqona mehmondo‘stlikdan bahramand bo‘ladilar.
«Boqiy shahar» — noyob tarixiy-etnografik majmuasi «Buyuk ipak yo‘li» sayyohlik markazining go‘yoki otashin qalbidir. «Boqiy shahar»da sharqona me’morchilikning barcha o‘ziga xos an’analari aks etgan. Shundoqqina eshkak eshish kanalining qirg‘og‘ida qad rostlagan bu maskan, milliy o‘zbek madaniyatining bor rango-rangligi va tarovatini, mahalliy udumlar va xalq an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan. Bu yerda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan hunarmandlar, amaliy san’at ustalari hamda rassomlarning galereya va ustaxonalari, milliy oshxonalar faoliyat yuritadi.
Garchi statistik ma’lumotlar zerikarli va raqamlar jamlanmasidek tuyulsa-da, ularda juda qisqa fursatda bunyod etilgan bu ulug‘vor inshootga oid barcha ko‘rsatkichlar aniq aks etadi. Masalan, markaz jami 280 gektar (240 gektar markaz maydoni va 40 gektar eshkak eshish kanali maydoni) hududda joylashgan. Transport arteriyalarining umumiy uzunligi bir necha o‘nlab kilometrlarni tashkil etadi, jumladan avtomobil yo‘llari — 16,2 km, piyodalar yo‘lakchalari va yo‘lkalar — 21,6 km, velosiped yo‘lkalari — 10,2 km. Obodonlashtirilgan maydonning umumiy hajmi 176 gektardan iborat bo‘lib, jami 23 ming tup daraxt va 100 ming tup manzarali butalar o‘tqazilgan.
Majmuani yoritish ishlari ham ajabtovur dizayn yaratilmoqda. Binolar va hududlar uchun qo‘llaniladigan noyob yoritish tizimi elektr energiyasini juda oz sarflagan holda markazning ajoyib tarovatga ega tungi qiyofasini yaratish imkonini beradi. Hozirgacha bu yerda 1467 dona quvvat tejovchi LED lampalar o‘rnatilgan bo‘lib, yil oxirigacha quyosh batareyalari ham o‘rnatiladi va markazning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplanadi.
Shu o‘rinda suvda sayr qilishni xush ko‘ruvchilar qulayligi ham e’tibordan chetda qolmadi - istalgan 9 ta qayiqdan biriga o‘tirgan kishi SSMning go‘zal manzarasidan zavqlanib sayr qilishi mumkin. Qayiqlardan uchtasi VIP toifali kemadan iborat (ikkita 20 o‘rinli qayiq Italiyadan, bitta 30 o‘rinli va 6 ta 4 o‘rinlik Standard toifali qayiqlar esa Xitoydan keltirilgan).
E’tiboringizga havola etilayotgan videorolik tomoshasidan so‘ng Samarqanddagi «Buyuk ipak yo‘li» sayyohlik markazining bor go‘zalligi va ulug‘vorligini tasavvur qilishingiz mumkin. Markaz tez orada mehmonlar uchun o‘z eshiklarini keng ochadi. Aniqki, eng qulay logistika va ichki turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, jumladan, oilaviy sayr-sayohat zavq-shavqini uyg‘otuvchi SSM vatandoshlarimiz va xorijliy sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanadi.