Bugungi kunda Farg‘ona vodiysi Enter Engineering kompaniyalari guruhi faoliyati bilan bog‘liq muhim voqealar ro‘y berayotgan yana bir maskanga aylangan. Yaqinda Namangandagi Mingbuloq konida yangi neftni tayyorlash qurilmasi obyekti ishga tushirilgan edi. Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida yana bir xuddi shunday obyekt qurilayotgani va uni ham kompaniyamizning yuqori malakali mutaxassislardan tashkil topgan ahil jamoasi barpo etayotgani yana bir xushxabar bo‘ldi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.12.2019 yildagi «Qazib olinishi qiyin bo‘lgan zahiralarga ega bo‘lgan konlardan neft qazib olishni va uglevodorodlarni qayta ishlash hajmlarini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan. Uni ro‘yobga chiqarish esa kompaniyaning «UNG-1 obyektlari qurilishi» direksiyasi zimmasiga yuklatilgan. Buyurtmachi «Sanoat Energetika Guruhi» («O‘zbekneftegaz» AJ) bo‘lib, loyihalashtirish ishlarini GRDS kompaniyasi bajardi. 2.5 gektarli qurilish maydoni bosh rejasi sohaga oid tegishli normativ hujjatlar asosida ishlab chiqilgan.
Qurilish ishlarida ishonchli konstruksiyaga ega, ishchilar uchun mehnat xavfsizligi ta’minlash va moddiy boyliklarni asrab-avaylash imkonini beruvchi zamonaviy texnika vositalaridan foydalanilmoqda. Shuningdek, texnologik jarayonga oid barcha qarorlar Buyurtmachi bilan kelishilgan holda qabul qilinmoqda. Loyihalashtirish ishlarida mazkur tipdagi inshootlar tarkibiga kiruvchi obyektlarni muvofiqlashtirish talablari, neftni tayyorlash qurilmasiga kelib tushadigan hamroh gaz miqdori ko‘rsatilgan tegishli hisob-kitoblar natijasiga asoslanilgan. Obyektni qurish murakkabligi darajasi III-toifaga teng. Ekspluatatsiyaga topshirilgach, mazkur obyekt O‘z DSt 3032:2015 standartiga mos sifatdagi tovarlar birinchi guruhiga kiruvchi neft mahsulotini ishlab chiqara boshlaydi.
Enter Engineering texnik-ishlab chiqarish bo‘limi menejeri Shodlik Yesenboyevning ta’kidlashicha, hozirgi vaqtda qurilish maydonidagi bajarilishi lozim bo‘lgan barcha yer qazish ishlari yakunlangan, mavjud 8 ta kichik ob’ekatlarda beton quyish va armaturalash ishlari ketmoqda. Ushbu qizg‘in jarayonga 10 ta texnika birligi – samosvallar, ekskavatorlar va yuklagichlar jalb etilgan, doimiy ravishda ishlayotgan ishchi va mutaxassislar soni deyarli 30 nafar.
Qurilish ishlarining har bir bosqichi oldindan tuzilgan qurilishni tashkillash loyihasi (QTL) ga qat’iy amal qilgan holda, shuningdek me’yoriy grafikka (kalendar rejaga) mos ravishda bajarilmoqda. Bunda qurilish-montaj ishlari hajmi va asosiy xarajatlar ham har bir chorak bo‘yicha taqsimlab chiqilgan.