Katta salohiyatli loyiha

02.11.2022
Поделиться:

Buxoroning Qorako‘l tumanida Enter Engineering kompaniyalari guruhining yana bir katta ko‘lamli loyihasi — metall konstruksiyalar, truba mahsulotlari, sig‘imlar va apparatlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan uchta «Enter Steel KARAKUL» MCHJ zavodlari qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Yangi zavod shu turdagi uchinchi korxona sanaladi. Toshkent viloyatida Olmaliq va Yangiyo‘l shaharlarida Enter Steel ning ikkita mashinasozlik zavodlari, shuningdek Chirchiq shahrida Enter Steel konstruktorlik byurosi ishlamoqda.

— Ushbu loyiha amalga oshirilishi bilan O‘zbekiston ichki bozori uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va qo‘shimcha tarzda 1000 ta yangi ish o‘rnini yaratish imkoni yuzaga keladi, — deydi texnologiyalar va sarflarni optimallashtirish bo‘yicha guruh rahbari (zavodlar qurilishi koordinatori) Denis Nikolayevich Parxomenko. — Yaqin 5 yillik istiqbol uchun ushbu zavodda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga bo‘lgan mamlakat ichki ehtiyojini to‘liq qondirish, yana bundan tashqari eksport hajmini yiliga 20 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilgan.

Zavodlar ishga tushgach, unda havoni sovutish apparatlari, adsorberlar, desorberlar, neft va gaz separatorlari, shuningdek turli metallokonstruksiyalar — trubalar, bino va inshootlar uchun metall karkaslar, yuqori voltli EUT, yoritish machtalari, antenna-machtali aloqa asbob-uskunalari hamda burg‘ilash qurilmalariga mos konstruksiyalar, shuningdek quvur tugunlari, sektor qaytargichlari va kimyo, neft, gazni qayta ishlash va metallurgiya sanoati uchun turli uskunalar ishlab chiqariladi. Loyihada zavod tarkibidagi korxonalarda qoliplash, payvandlash hamda tayyor mahsulotni sinash liniyalarini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda ishlab chiqarish binolari qurilishi olib borilmoqda. Bundan tashqari, bu yerda ma’muriy-maishiy korpus, yordamchi binolar ham qurilib, chorpoya kranlar, minorali kranlar o‘rnatilib, yirik hajmli asbob-uskunalarni yig‘ish maydonlari, tayyor mahsulotlar va MTB uchun omborlar tashkil etiladi. Metall konstruksiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha yillik ko‘rsatkich 50 ming tonnaga, truba mahsulotlari bo‘yicha esa 120 ming tonnaga teng. Shuningdek, yiliga 300 birlikda turli sig‘imlar va apparatlar ham ishlab chiqariladi.

Metallga ishlov berish va mahsulotlar tayyorlash uchun dunyoning bir nechta ilg‘or brendlaridan maxsus uskunalar liniyalari va stanoklar — Voortman (Gollandiya) — plazma keskich, arra; Akyapak (Turkiya) — bukuvchi va payvandlovchi kolonna; Esab (Shvetsiya) — payvandlash uskunasi; Geka (Ispaniya) — gilotina, press-qaychilar, shuningdek Xitoydan ham kerakli jihozlar keltiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati 20 mln. AQSH dollariga teng. Ishlab chiqarish maydonlarining umumiy kengligi 20 ming m2ni tashkil etadi. Zavodning faqatgina metall konstruksiyalar bo‘yicha kutilayotgan yillik aylanmasi 8 mln. AQSH dollariga yetadi, shundan 4,5 mln AQSH dollari (56%) ichki bozor, tashqi savdo ko‘rsatkichi esa 3,5 mln AQSH dollari (44%) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xulosa qilib shuni ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu zavod ishga tushishi bilan nafaqat Buxoro viloyati, balki butun respublika iqtisodiyoti uchun katta foyda keltirishi aniq.

 
Biz ham tavsiya qilamiz