«Arniyoz» SKS bunyod etilmoqda
Enter Engineering Qashqadaryo viloyatidagi «Аrniyoz» konida siquv-kompressor stansiyasini bunyod etish bo‘yicha qurilish ishlarini jadallik bilan olib bormoqda.
Bu 2022-yildan buyon amalga oshirilayotgan loyiha bo‘lib, bu obyektni qurishga bo‘lgan ehtiyoj pastbosimli neft va gaz quduqlaridan kelayotgan qatlam energiyasi ekspluatatsiya davomida sustlashyotgani tufayli yuzaga kelgandi.
«SANEG» MChJ IK buyurtmachi sifatida, Enter Engineering esa bosh pudratchi sifatida ishtirok etayotgan ushbu loyiha doirasida kirish bosimi 0,6 MPa tan., chiqish bosimi 6,0 MPa tan. bo‘lgani holda ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,75 mlrd. m3 hajmni tashkil etuvchi SKS tarkibiga kiruvchi inshootlar qurilishi belgilangan.
Аyni kunda UzLITI Engineering mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan loyihalash ishlari 76 foizga yakunlangan. Umumiy qurilish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda. Yordamchi binolar va inshootlar (turar-joy bloklari, oshxona, ofislar va ombor uchun binolar) qurilishi tugallanish arafasida. Umumiy hisobda qurilish maydonida stansiyaga o‘rnatilgan texnologik asbob-uskunalarga (oststansiyalar, alanga xo‘jaligi, GPА-100, -200 maydonlari, NTP, operatorlar xonalari va boshqa binolar) mos ravishda yer qazish va kotlovan hosil qilish, poydevor quyish bo‘yicha betonlash ishlari yakunlangan. Hozirgi vaqtda loyiha bo‘yicha ishlarga 265 nafar mutaxassis va 45 ta turli texnika birligi jalb etilgan.
«Аrniyoz» SKSda gazni komprimirlash NOVA LT 16 GPА (Italiya) gaz turbina uzatmasi vositasida ishlovchi 16 MVt quvvatli Baker Hughes (Italiya) mahsuloti markazdan qochirma kompressorlar yordamida bajariladi.
Joriy yilda ishga tushirilishi kutilayotgan ushbu loyihaning amalga oshirilishi uglevodorod xom ashyo qazib olish sutkalik hajmini oshirish imkonini beradi.