Psixologiya bo‘yicha treninglar davom etmoqda
“Bunyodkor” ofisida Enter Engineering Kompaniyalari guruhi PR-departamenti tashabbusiga ko‘ra «New WAY» amaliy psixologiya taʼlim xalqaro markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilib kelayotgan psixologiya bo‘yicha mahorat darslari davom etmoqda.
Amaliy psixolog, oilaviy maslahatchi, O‘zbekiston psixologlari assotsiatsiyasi aʼzosi Yelena Xushvakovaning kompaniya mutaxassislari bilan navbatdagi uchrashuvidagi mavzular quyidagilardan iborat bo‘ldi: «Jamoa muloqotini qanday yaxshilash mumkin» va «Konfliktologiya. Nizolarni hal etish usul va yo‘llari».
— Mehnat jamoasida odamlarning bir-biri bilan ziddiyatga borishlari tufayli bahsli va salbiy holatlar yuzaga kelishi mumkin, — deydi Yelena Xushvakova. — Hamkasblar orasidagi ruhiy muhitni yaxshilash hamda korporativ madaniyatni mustahkamlash uchun barcha darajadagi rahbarlar vaqti-vaqti bilan nizolarni hal qilish bo‘yicha muayyan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishlari maqsadga muvofiqdir. Ularni mohirona boshqarish bugungi kunda asosiy kasbiy kompetensiyalardan biri hisoblanadi. Bunday holatlarni vaqtida oldini olish va ulardan oson chiqib ketish muhimdir. Shuni taʼkidlash kerakki, nizolarni boshqarish bo‘yicha treninglar muammolardan qochishga emas, balki ularni konstruktiv hal qilishga qaratilgan.
Tadbirlar chog‘ida muhokama tarzida guruh ishlari amalga oshirilib, tinglovchilar amaliy topshiriqlarni bajardilar, rolli o‘yinlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mashg‘ulotlarning to‘g‘ri tuzilgan sxemasi (nazariya — namoyish — amaliyot — muhokama) tadbir davomida auditoriya diqqatini jalb qilishda muhim omil bo‘la oldi. Ishtirokchilar ziddiyatlarni hal etishning konstruktiv usullari bilan tanishdilar, turli mashqlar yordamida o‘zlarining jismoniy va ruhiy imkoniyat chegaralarini belgilash hamda tanqid va tanbehlarga to‘g‘ri munosabatda bo‘lishni o‘rgandilar.
Yelena Maratovna, shuningdek, darslardan so‘ng ko‘plab tinglovchilar unga konstruktiv fikr-mulohazalarini bildirishini, muayyan holatlarda nafaqat ishda, balki uyda, oila va do‘stlar bilan munosabatda ham o‘zini qanday tutish kerakligi borasida maslahatlari bilan bo‘lishishini taʼkidlab o‘tdi.