SKM: Qurilish qizg‘in pallada
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida Enter Engineering tomonidan amalga oshirilayotgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha kimyo majmuasi qurilishi ishlari qizg‘in pallada.
Loyiha buyurtmachisi «Samarkandkimyo» AJ bo‘lib, batafsil loyihani ishlab chiqish bilan UzLITI Engineering mutaxassislari shug‘ullangan, bosh pudratchi esa Enter Engineering kompaniyasi hisoblanadi. Qurilishning umumiy maydoni 47 gektarni tashkil etadi.
Bugungi kunga kelib, loyiha va umumiy qurilish ishlari (tuproq va beton) to‘liq bajarildi, turli texnologik jihozlar va metall konstruksiyalar qabul qilinib, o‘rnatilmoqda. Loyihani amalga oshirishda 700 nafardan ziyod mutaxassis va 110 ta qurilish va maxsus texnika ishlamoqda.
Kimyo korxonasi Navoiy viloyatining Tomdi tumanidagi Jeroy-Sardarin konining «Janubiy Jeroy» uchastkasida xomashyo qazib olish va Navoiy boyitish fabrikasida uni tayyorlashdan yakuniy mahsulot chiqarishgacha mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha vertikal integratsiyalashgan kompleksning asosiy qismiga aylanadi. Kompleksning barcha obyektlarini xomashyo va tayyor mahsulotlarni tashish uchun alohida temir yo‘l liniyasi bog‘lab turadi. Qurilish tugallangach, kimyo majmuasida sulfat kislotasi (800 ming tn/y), fosfor kislotasi (280 ming tn/y), NPK (540 ming tn/y) va granulyatsiyalangan monoammoniy fosfat (MAP) (370 ming tn/y) ishlab chiqarish rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonlariga xalqaro ekologik standartlarga javob beradigan zamonaviy atrof-muhitni muhofaza qilish texnologiyalari joriy etiladi.
Qurilish boshlanganidan beri eski korxonaning bir nechta obyektlari demontaj qilindi, ularning o‘rniga 4 ta fosforit unini saqlash uchun yangi omborlar, shuningdek, issiqlik elektr stantsiyasi, sulfat (yangi qurilma) va fosfor kislotasi, mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sexlari, shuningdek, ammiak saqlash, tayyor mahsulotlarni saqlash va qadoqlash omborlari qurilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan talabini qoplash imkonini beradi.