Prezident BGQIZ ga tashrif buyurdi

17.11.2023
Поделиться:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida Boysun tumanida bo‘lib, «Mustaqillikning 25 yilligi» gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.

Tashrif davomida davlat rahbari qurilish maydonini ko‘zdan kechirdi, geologik qidiruv va seysmik tadqiqot ishlari natijalari bilan tanishdi, shuningdek, investorlar, konni o‘zlashtirishda ishtirok etayotgan Enter Engineering mutaxassislari va quruvchilari bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Loyiha «Surhan Gas Chemical Operating Company» xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda, uning qiymati 2,9 milliard dollarni tashkil etadi. GKM yiliga 5 milliard kub metr gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Hozirgacha «Mustaqillikning 25 yilligi» konini o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollarlik investitsiya kiritilib, 20 ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan, 11 ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Enter Engineering mutaxassislari tomonidan katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi — umumiy qurilish ishlari deyarli yakunlandi, metall konstruksiyalar va texnologik jihozlarni o‘rnatish ishlari ketmoqda.

Zavodning loyihalari va qurilishi «Shell» kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida amalga oshirilmoqda. U eng ilg‘or ekologik talablarga mos bo‘lib, ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99 foiz zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Bunday uskunalar MDH davlatlari ichida birinchi bor ushbu zavodga o‘rnatilmoqda. Zavod O‘zbekistondagi sakkizinchi gaz-kimyo majmuasi, mintaqadagi yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘ladi. Mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari gaz savdosini qisqartirish, uni qayta ishlashni tashkil etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sifatli va yuqori daromadli mahsulot olishga qaratilgan qaror ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu xarajatlarni imkon qadar tezroq qoplash va gaz-kimyo majmuasini raqobatbardosh qilish imkonini beradi. Shuningdek, bo‘lg‘usi korxonaning butun hudud va uning aholisi rivojidagi yuksak ijtimoiy ahamiyati ham ta’kidlandi.

Biz ham tavsiya qilamiz