Jurnalistlar 3-MBF’da bo‘lishdi

20.11.2023
Поделиться:

Enter Engineering kompaniyasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati uchun misni boyitish fabrikasini (3-MBF) qurish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani amalga oshirmoqda.

Keng jamoatchilikni OKMK faoliyati va MBF qurilishining borishi bilan tanishtirish maqsadida kombinat axborot xizmati tomonidan tashkil etilgan press-turda bosma ommaviy axborot vositalari, televideniye va internet kanallari jurnalistlari ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar «Yoshlik I» koni va 3-misni boyitish fabrikasi qurilish maydonchasida bo‘lishdi.

Ular yiliga 60 million tonna ruda qazib olinishi rejalashtirilayotgan konni ko‘zdan kechirishdi. Press-tur ishtirokchilari OKMK va Enter Engineering mutaxassislari bilan muloqot chog‘ida bu yerda 170 million kub metr hajmdagi foydali qazilmalarning yuzini ochish ishlari olib borilgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Natijada hozirda uzunligi 3,7 km, kengligi 2,3 km va chuqurligi 90 metr bo‘lgan maydonda ruda qazib olinmoqda. Boshqa fabrikalardan farqli o‘laroq, rudani fabrikagacha samarali tashishni ta’minlash maqsadida uni birlamchi maydalash uchun konning o‘zida maydalash va yuklash moslamalari (MYM) o‘rnatilmoqda.

— Ushbu obyekt tsiklik-uzluksiz texnologiya joriy etiladigan majmuaning bir qismiga aylanadi, — deydi tsiklik-uzluksiz texnologiya loyihasi qurilishi boshlig‘i Dmitriy Kuznetsov. — U ikkita maydondan — uchta MYM va rudani fabrika omborigacha olib boradigan uzunligi 4,2 km bo‘lgan magistral konveyerlardan iborat. Ta’kidlash joizki, ushbu transport liniyasi joyning qiyin relyefi sharoitida yotqizilgan. Qisman 44 metr balandlikdagi ko‘prik estakadasi bo‘ylab o‘tadi. Rudani tashish tezligi sekundiga 7 metrni tashkil qiladi. Konveyer tizimini joriy etish ruda yetkazib berish tannarxini kamida 30 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Jurnalistlar tog‘ jinslarini karyer samosvallari orqali yetkazib berish va maydalagich uskuna qabul qiluvchisiga tushirishdan tortib, uni konveyer lentasi bo‘ylab tashishgacha bo‘lgan tsiklik-uzluksiz texnologiya ish jarayonini o‘z ko‘zlari bilan kuzatish imkoniga ega bo‘ldilar.

Press-turning navbatdagi manzili 3-MBF’dagi kuzatuv maydonchasi bo‘ldi, u yerdan bugungi kunda ish avjida bo‘lgan qurilish maydonchasini bor mahobati bilan ko‘rish mumkin. Xususan, yetkazib berilgan texnologik jihozlarni o‘rnatish ishlari ham yuqori sur’atda olib borilmoqda. Obyektni qurishga Enter Engineering kompaniyasining muhim insoniy va texnik resurslari jalb qilingan. Shuningdek, loyihaning nafaqat viloyat, balki butun mamlakatimiz uchun yuksak ijtimoiy ahamiyati ham qayd etildi. «Yoshlik I» koni va misni boyitish fabrikasi ishga tushirilgach, 6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

MDH’da yagona bo‘lgan, zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega fabrika ishga tushirilishi tufayli OKMK’ning rudani qayta ishlash quvvati 100 million tonnaga yetkaziladi.

Biz ham tavsiya qilamiz