SKS qurilishi tugallandi

26.12.2023
Поделиться:

Enter Engineering mutaxassislari 2023-yilni katta muvaffaqiyat bilan yakunladilar — Qashqadaryo viloyatidagi «Janubiy Tandircha» konida siquv-kompressor stansiyasi (SKS) qurilishini tugalladilar.

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati buyurtmasiga ko‘ra, Enter Engineering kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha kondagi tabiiy gaz zaxiralarini chuqurroq o‘zlashtirish, shuningdek, kunlik tabiiy gaz qazib olishni sezilarli darajada oshirishga qaratilgan.

Ishlab chiqarishning qisqarishi va kollektor bosimining tabiiy ravishda pasayishi sharoitida tabiiy gazni barqaror uzatishni ta’minlash imkonini beruvchi, konstruksiyasida zamonaviy texnik yechimlarni mujassam etgan sanoat obyekti ikki yildan kamroq vaqt ichida barpo etildi. Stansiyaning asosiy vazifasi «Janubiy Tandircha» konidan olingan gazni Sho‘rtan bazaviy kompressor stansiyalariga yuqori bosim ostida yetkazib berish va mavjud uglevodorod zaxiralarini maksimal darajada o‘zlashtirishdan iborat.

Stansiya loyihasida Cooper Machinery Services (AQSh) kompaniyasining Superior WH74 gaz porshenli kompressorlari va Superior 16SGTD dvigatellari qo‘llanilgan. Shuningdek, Avstriyaning Jenbacher kompaniyasining har biri soatiga 800 kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 6 ta gaz-porshenli elektr stansiyasi o‘rnatildi. Stansiyani loyihalashda Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan texnologik asbob-uskunalar va qurilmalardan foydalanilgan. Har bir yopiq turdagi gaz nasos agregati kuniga 1,5 million kub metr tabiiy gaz bosimini oshirish quvvatiga ega. Loyiha yechimiga ko‘ra, 2 ta agregat ish rejimida, 1 tasi esa zahira rejimida ishlaydi.

E’tiborlisi, konga tegishli 40 ta svajinadan kuniga 1,8 million kubometr gaz qazib olingan bo‘lsa, stansiya ishga tushirilgach, bu ko‘rsatkich kuniga 2,3 million kubometrni tashkil etadi. Hozirda stansiyada 50 dan ortiq muhandis-mexanik va boshqa xodimlar mehnat qilmoqda.

Qurilishga jalb qilingan, ba’zan qiyin ob-havo sharoitida ham ishlagan Enter Engineering kompaniyasining barcha mutaxassislarining yuqori professional mahoratini ta’kidlab o‘tish lozim. Ish avj pallaga chiqqan paytda obyektda 450 nafardan ortiq kishi ishlagan va 52 ga yaqin maxsus texnika jalb qilingan. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi kompaniyaning shonli tarixidagi yana bir sahifa bo‘ladi!

Biz ham tavsiya qilamiz