Mehnat muhofazasi — inson salomatligi garovi
Enter Engineering kompaniyasi yosh kadrlar tayyorlashga katta ahamiyat beradi. Oliy o‘quv yurtlari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uning doirasida kompaniya mutaxassislari talaba va o‘qituvchilar bilan uchrashib, dolzarb mavzularda turli tadbirlar o‘tkazmoqda.
Ushbu ishning bosqichlaridan biri Enter Engineering HSE-departamenti mutaxassislari tomonidan SIUT talabalari uchun sanoat sohasidagi xavfsizlikning zamonaviy standartlari bo‘yicha tashkil etilgan mahorat darsi bo‘ldi.
Enter Engineering kompaniyasining HSE-departamenti (Health, Safety & Environment) boshlig‘i Sherzod Xodjaev va uning o‘rinbosari Nurullo Shirinov tomonidan «HSE — kirish, kompaniyada ilg‘or tendensiyalarni joriy etish tajribasi» mavzuida mahorat darsi o‘tkazildi.
Soha mutaxassislari ishda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ishlab chiqarish sharoitida xavfsizlikni ta’minlashda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, ish joylarida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar salomatligini asrashga O‘zbekiston Respublikasida davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotgani ta’kidlandi.
Samarali xavfsizlik choralari nafaqat hodisalarning oldini oladi, balki barqaror ish muhitini ham yaratadi. Mahorat darsida, shuningdek, havfsizlik texnikasi sohasida qo‘llanilayotgan eng so‘nggi texnologik ishlanmalar haqida umumiy ma’lumot berildi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning turli ssenariylari namoyish etildi, bu esa talabalarga real sharoitlarda bunday hodisalarda qanday samarali yo‘l tutishni yaxshiroq tushunish imkonini berdi.
Bunday mahorat darslarini muntazam ravishda o‘tkazish SIUT talabalariga kelajakdagi kasbiy faoliyati davomida xavfsizlik va sanitariya qoidalariga rioya qilgan holda ish muhitini samarali tashkil etishga yordam beradi.