Kasaba uyushmasi: Faoliyat tahlili va yangi vazifalar rejasi

07.02.2024
Поделиться:

Kuni kecha yangi ofisning «O‘zbekiston» anjumanlar zalida Enter Engineering kompaniyasi kasaba uyushma tashkilotining VII konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va unda 2023-yildagi faoliyat yakunlari muhokama qilindi. Konferensiyada qirq nafardan ortiq delegatlar, kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Timur Abdullayev, HR-departamenti boshlig‘i Timur Xodjaniyozov, HSE-departamenti boshlig‘i Sherzod Xo‘jayev hamda Neft, gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Yulduz Odilova va Enter Engineering, EMS, SEG kompaniyalari guruhlari kasaba uyushmasi sex qo‘mitalari raislari ishtirok etishdi.

Konferentsiya davomida uchta asosiy masala ko‘rib chiqildi: kasaba uyushma qo‘mitasi va taftish komissiyasi raisining yakuniy hisoboti, Enter Engineering kompaniyasi kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek, kompaniyaning boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti ustavini tasdiqlash.

So‘zga chiqqanlar 01.01.2024 yil holatiga ko‘ra, kompaniya boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti a’zolari soni 24 133 kishi ekanini ta’kidladi. Shunday qilib, tashkilot respublikamizdagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari orasida eng yirigi hisoblanadi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan 2023-yil davomida mehnatkashlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini tashkil etish, mehnatkashlar salomatligini mustahkamlash, mehnat xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan yili kasaba uyushma tashkilotining 651 nafar a’zosiga 983,6 million so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi, birinchi navbatda, 128 nafar kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berildi. Shuningdek, kasaba uyushma qo‘mitasining 207 nafar a’zosiga shartnoma asosida o‘qish uchun to‘lov-kontkakt summasi to‘lanib, 205 nafar xodimga davolanishi uchun ko‘mak, uy-joyi yong‘in oqibatida zarar ko‘rganlarga moddiy yordam ko‘rsatildi. 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan 600 nafardan ortiq ayol xodimlar mukofotlandi, 96 nafar faol kasaba uyushma xodimlariga ma’lum miqdorda mukofot puli berildi.

Hisobot davrida 145 nafar xodim va ularning oila a’zolariga 559,1 million so‘mlik sanatoriylarga yo‘llanmalar berildi. Yozgi ta’tilda mehnatkashlarning farzandlari jami 191,7 million so‘m hisobiga Qashqadaryo viloyatidagi «Lochin», Toshkent viloyatidagi «Sokol» va «Zangori olov» oromgohlarida dam olish va salomatligini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Bundan tashqari, kasaba uyushma tashkiloti faoliyatiga oid bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi. Konferensiya yakunida tegishli qarorlar qabul qilinib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.

Biz ham tavsiya qilamiz