Kubok egalari aniqlandi
Enter Engineering xodimlari tomonidan sport doimo qadrlanadi. U salomatlikni yaxshilaydi, yaxshi jismoniy holatni saqlashga yordam beradi va xodimlarni birlashtiradi.
Enter Engineering kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan an’anaviy mini-futbol turnirlari enterchilar orasida ayniqsa mashhur. Bundan tashqari, har yili orzu qilingan sovrin uchun kurashda ishtirok etishni xohlovchi jamoalar soni ortib bormoqda.
— Turnirga bo‘lgan qiziqishning yuqori ekanligi bu yil ham o‘z tasdig‘ini topdi, — deydi kasaba uyushma qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zavqiddin Saidov. — Kubokda ishtirok etish uchun 35 ta jamoa ariza topshirgan. Bu rekord ko‘rsatkich va barcha ishtirokchilar o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlarini namoyish etishlari mumkin bo‘lishi uchun tashkilotchilar musobaqa reglamentini qayta ko‘rib chiqishlariga to‘g‘ri keldi. Shu bois dastlabki bosqichda jamoalar jug‘rofiy tamoyillarga ko‘ra taqsimlandi va o‘yinlar Samarqand, Buxoro, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida o‘tkazildi.
Eng kuchlilarni aniqlash uchun o‘z kichik guruhlarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan 10 ta jamoa 2- va 3-mart kunlari turnirning final bosqichiga kelib, poytaxtdagi «Central Asian University» sport zalida yig‘ilishdi. Har bir uchrashuvdagi sport kurashining yuqori shiddatini ta’kidlash joiz. Jamoalar g‘alaba uchun murosasiz kurashib, qiziqarli o‘yinlar bilan muxlislarni xursand qilishdi. Natijada finalga chiqadiganlar aniqlangan ikki yarim final uchrashuvida «Enternacionale» futbolchilari «SKM» jamoasidagi raqiblarini 5:3 hisobida mag‘lub etishdi va «TK» jamoasi «DZIP AGMK»ni 8:2 hisob bilan yengdi.
Poytaxtning «Enternacionale» va «TK» jamoalari hal qiluvchi bahsda to‘qnash kelib, keskin kurashlar ostida kechgan, raqiblardan birortasi ham go‘l o‘tkazib yuborishni istamagan chiroyli o‘yin ko‘rsatishdi. Yakuniy hushtak chalingan paytda tabloda 2:2 hisobi qayd etilgandi va turnir g‘olibi matchdan keyingi penaltilar seriyasida aniqlandi. Bu yerda «Enternacionale» jamoasining o‘yinchilari kuchliroq bo‘lishdi va ular turnirning bosh sovrini — Enter Engineering kasaba uyushmasi qo‘mitasi kubogini qo‘lga kiritishdi. «TK» futbolchilari ikkinchi, Samarqand kimyo majmuasi qurilish loyihasining «SKM» jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Turnir g‘oliblariga esdalik medallar va kubok hamda pul mukofotlari topshirildi. Individual nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi. Shu tariqa, Timur Sadirov («Internacionale») «Eng yaxshi o‘yinchi», Abbos Abdullayev («TK») «Eng yaxshi to‘purar», Suxrob Zayniyev esa («SKM») «Eng yaxshi darvozabon» deb topildi.