Bayram uchun munosib sovg'a
Bahorning ilk oyi an’anaviy tarzda mamlakatimizda keng nishonlanadigan 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tarovatlidir. Enter Engineering kompaniyalar guruhida jamoaning ayollariga nafaqat guldastalar va samimiy tabriklar ulashib, ehtirom bildirish, balki turli bayram tadbirlarini tashkil qilish kabi yaxshi an’ana shakllangan.
Joriy yilda ham shu an’anani davom ettirish maqsadida kompaniya kasaba uyushma qo‘mitasi PR-departamenti bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining so‘lim kurort hududida joylashgan «Chotqol» sanatoriysiga ikki kunlik sayohat uyushtirdi.
Sayohat davomida kasaba uyushma qo‘mitasining sakson nafar xodimi dam olib, ko‘tarinkilikka erishishdi. Dam oluvchilar «Chotqol» sanatoriysida mashhur bo‘lgan barcha sharoitlar — shinam xonalar, davolash xonalari, ajoyib oshxona xizmati bilan ta’minlanishdi. Ayollar ajoyib tog‘ manzaralaridan bahramand bo‘lishdi, toza havoda sayr qilishdi, fizioterapevtik muolajalar olishdi, Muqimiy nomidagi Respublika musiqali teatri san’atkorlarining chiqishlarini tomosha qilishdi.
— Bizning katta inoq jamoamizda bir necha yuz nafar xotin-qizlar mehnat qiladi, — dedi HR-departament ma’muriy blok kadrlarini boshqarish bo‘yicha mutaxassis Sanobar Ahmedova, bayramona kayfiyati bilan o‘rtoqlashib. — Albatta, bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganini hamma qadrlaydi. Aynan shunday damlarda kompaniya bizning mehnatimizni qanchalik qadrlashiga va uning gullab-yashnashiga ayol xodimlarning qo‘shgan hissasiga amin bo‘lasiz. Ushbu ajoyib dam olish tadbiri uchun kasaba uyushma qo‘mitasi va kompaniyamiz ma’muriyatiga minnatdorlik bildiramiz. Ishonchim komilki, barchamiz zavq olib, kuchga to‘ldik!
Bayramning muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlash maqsadida kasaba uyushma qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan puxta tayyorgarlik ishlari olib borilgandi.
— Biz ajoyib ayollarimizni nafaqat bayramlarda, balki doim qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, — deydi Enter Engineering kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Bobir Kenjayev. — Zero, ularning har biri kasbiy mahorat, mehnatsevarlik va fidoyilikning ajoyib namunasi bo‘lib, umumiy ishga munosib hissa qo‘shishmoqda. Ajoyib ayollarimiz o‘zlarining pozitivligi va oddiygina mehrli so‘zlari bilan hamkasblariga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydilar va jamoada ijobiy muhit yaratadilar. Shu bois, biz ham ayollarni uyda, ishda va jamiyat hayotida o‘zini to‘la namoyon qila olishlari uchun imkon qadar qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bayram sayohati nafaqat yorqin taassurotlar manbai bo‘ldi, balki Kompaniyalar guruhining ayollari o‘rtasidagi inoqlik va hamjihatligini mustahkamlashga xizmat qildi. Xayrlashayotganda, hamma bir-biriga yaxshiliklar va yangi yoqimli bayramona uchrashuvlarni tilashdi.