Sanoat salohiyati kengayib bormoqda

14.03.2024
Поделиться:

Buxoro viloyatidagi yangi «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun sanoat klasteriga aylanishi ko‘zda tutilgan. Enter Engineering kompaniyalar guruhi bu yerda sanoat giganti — MTO texnologiyasi asosidagi gaz-kimyo majmuasini qurmoqda, shuningdek, Enter Steel Karakul mashinasozlik zavodi yirik loyihasini amalga oshirmoqda.

Yangi zavod uchinchi ana shunday korxona bo‘ladi, undan oldingi ikkitasi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Olmaliq shaharlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda keng turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ayni paytda ikkita Enter Pipe quvur zavodlari qurilishi nihoyasiga yetkazilib, ularning sexlarida turli o‘lchamdagi quvurlar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologik liniyalar o‘rnatildi, asbob-uskunalarni ishga tushirish jarayoni olib borilmoqda, sertifikatlashtirish ishlari jadal bosqichda.

— Zavodda diametri 89–1420 mm bo‘lgan quvurlar, shuningdek, quvur uzellari va sektor burmalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan, — deydi Enter Engineering mashinasozlik direksiyasi yetakchi mutaxassisi Shohrux Zokirov. — Ular asosan MTO GKM qurilishi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi, biroq barcha mahsulotlar keng qoʻllanilishiga ega hamda magistral neft, gaz va suv quvurlari uchun ishlatilishi mumkin.

Enter Engineering kompaniyasining Mashinasozlik direksiyasi menejeri Prasenjit Roy bizga ishga tushirilgan ishlab chiqarishning xususiyatlari haqida gapirib berdi:

«Ikkita Enter Pipe quvur zavodi Enter Steel Karakul mashinasozlik zavodi majmuasi tarkibiga kiradi. Katta diametrli payvand po‘lat quvurlar ishlab chiqaruvchi birinchi korxona ishga tushirish bosqichida. Yaqin ikki oy ichida mahsulot ishlab chiqarish boshlanishi kutilmoqda. Ikkinchi zavod ikkita standart o‘lchamdagi kichikroq diametrli payvand po‘lat quvurlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Ularning umumiy kutilayotgan quvvati yiliga 120 ming tonnani tashkil etadi. Bu miqdor nafaqat Enter Engineering ehtiyojlarini qoplaydi, balki O‘zbekiston ichki bozorini ilgari xorijdan olib kelingan mahsulotlar bilan ta’minlaydi. Shuningdek, bu yerda 370 ta ish o‘rni yaratiladi».

Ayni paytda yirik diametrli quvurlar ishlab chiqaradigan korxonada ishga tushirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Xususan, qurilgan tizimning yaxlitligini yakuniy tekshirishga xizmat qiladigan gidrosinov o‘tkazilmoqda. Ishlab chiqarish liniyalari uchun buyurtma qilingan eng so‘nggi qurilmalar — quvurlarni issiqlik bilan ishlov berish uskunalari uchun sovutish tizimlari, shuningdek, induksion payvandlash uskunalarining ham yaqin kelajakda yetkazib berilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ishchi xodimlarni o‘qitish boshlandi, o‘rgatish bevosita uskunalar oldida amaliy mashg‘ulotlar bilan parallel ravishda olib borilmoqda.

Enter Pipe zavodlarining ishga tushirilishi ham Buxoro viloyati rivojiga, ham butun respublikamizning iqtisodiy yuksalishiga katta hissa qo‘shadi.

Biz ham tavsiya qilamiz