Talabalar xavfsizlik qoidalarini o'rganishdi
Enter Engineering kompaniyasi malakali yosh kadrlar tayyorlashga jiddiy e’tibor qaratadi. Ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik doirasida kompaniya mutaxassislari talabalar va o‘qituvchilar bilan muntazam uchrashib, dolzarb mavzularda turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
HSE departamenti xodimlarining Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) talabalari bilan navbatdagi uchrashuvi ana shunday hamkorlikning yorqin namunasi bo‘ldi. Tadbir bu yil iqlim o‘zgarishining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ta’siriga bag‘ishlangan Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni arafasida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv «O‘quv amaliyotlari davomida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik sohasidagi xavf-xatarlar» mavzusida trening-mashg‘ulot shaklida tashkil etildi. HSE departamenti boshlig‘i Sherzod Xo‘jayev va departament boshlig‘i o‘rinbosari Nurullo Shirinovlar o‘g‘il-qizlarga xavfsizlik qoidalari bo‘yicha ko‘rgazmali instruktaj o‘tkazib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar, ularning oldini olish usullari, o‘quv va ishlab chiqarish amaliyoti vaqtida quduqlarni burg‘ulash maydonlarida dala sharoitida ishlarni bajarishdagi xavfsizlik choralari to‘g‘risida gapirib berdilar. Shuningdek, soha mutaxassislari tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, yong‘in va zilzilalar paytida xodimlarning harakatlari, umumiy xavfsizlik madaniyatini oshirishga oid masalalar ko‘rib chiqilib, videoroliklar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, maqsadli auditoriya yaqin kunlarda o‘quv amaliyotini o‘tashni boshlaydigan universitetning birinchi kurs talabalari edi. Ularga murojaat qilar ekan, so‘zga chiqqanlar bo‘lg‘usi amaliyot vaqtida, shuningdek, kundalik hayotda va o‘qishda belgilangan barcha mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik choralarini o‘rganish va ularga qat’iy rioya etish bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy fazilatlarini shakllantirishda muhim omil bo‘lishini ta’kidladilar.
SXTU talabalari bilan bu kabi oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish amaliyoti allaqachon anʼanaga aylangan va kelgusida ham davom ettiriladi.