Modernizatsiya reja bo'yicha olib borilyapti
Farg‘ona viloyatida Enter Engineering kompaniyasi va FNQIZ o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida amalga oshirilayotgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruktsiya va modernizatsiya qilish ishlari davom etmoqda. Korxona uglevodorod xomashyosini qayta ishlash va yoqilg‘i-moylash materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha nafaqat respublikada, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan maqsad zavodning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xaridorgir turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishdan iborat. Loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilganidan dalolat beruvchi navbatdagi bosqich kimyoviy tozalangan suv va bug‘ ishlab chiqarish moslamasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlarining yakunlanishi bo‘ldi. FNQIZning yangi qozonxonasi soatiga 225 tonna issiqlik quvvatiga ega o‘rta va yuqori bosimli bug‘ ishlab chiqarishga qodir uskunalar bilan jihozlangan zamonaviy yuqori texnologiyali obyektdir. Asosiy yetkazib beruvchilar dunyoda tan olingan «Macchi» (Italiya) va «Texnoximreagent» (Ukraina) kompaniyalari bo‘ldi.
— Qiymati 24 million dollar bo‘lgan qurilma zavodning mavjud va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini kimyoviy tozalangan suv va yuqori sifatli suv bug‘iga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda ekspluatsiya xarajatlarni, shu jumladan energoresurslar uchun xarajatlarni optimallashtirishga mo‘ljallangan, — deydi loyiha rahbari Ilya Nikolayevich Puts. — Loyihani batafsil ishlab chiqish UzLITI Engineering kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, Enter Engineering kompaniyasi muhandislik, xaridlar va qurilish bo‘yicha (EPC) bosh pudratchi vazifasini bajardi.
Shuningdek, Ilya Nikolayevich Puts qozonxonada hosil bo‘ladigan bug‘ uglevodorod xomashyosini qayta ishlash va tovar mahsulot ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida, neft va gaz kondensatini birlamchi qayta ishlash moslamalaridan tortib, har xil turdagi neft mahsulotlarini chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan davrda, shu jumladan gidrokatalitik ishlab chiqarish jarayonlarida ham qo‘llanilishini ta’kidladi. Yangi quvvatlar ekspluatsion xarajatlarni optimallashtirish imkonini beradi, bu esa umumiy energiya xarajatlarining qariyb 15 foizini tejashga olib keladi.
Enter Engineering kompaniyasining mutaxassislar jamoasining yuqori professionalligi tufayli obyektdagi barcha ishlar sifatli, o‘z vaqtida va buyurtmachilarning barcha talablariga muvofiq bajarildi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda bug‘ ishlab chiqaruvchi qurilmalar uchun suv tozalash inshootlari turli: issiqlik ta’minoti tizimlari, qurilish, kommunal xo‘jalik, korxonalarda xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish borasida, oziq-ovqat, kimyo, neft-gaz, yog‘ochni qayta ishlash sanoati, farmatsevtika, tibbiyot va boshqa sohalarda faol qo‘llaniladi. Shu munosabat bilan, bunday obyektlarni qurishda ishtirok etish tajribasi Enter Engineering faoliyatidagi noyob amaliyot bo‘lib, uning ishonchli EPC-pudratchi sifatidagi obro‘sini yanada mustahkamlaydi.