ENPIPE: quvur mahsulotlarini ishlab chiqarish boshlab yuborildi
Mahalliy sanoat bazasiga yana bir zamonaviy korxona qo‘shildi. “Qorako‘l” erkin iqtisodiy zonasida “ENPIPE” quvur ishlab chiqarish korxonasi o‘z faoliyatini boshladi.
“ENPIPE” loyihasini amalga oshirish «Tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi»da belgilangan sanoat obyektlar yaqinida joylashgan yordamchi korxonalar majmuasini qurish strategiyasi doirasida amalga oshirildi.
52,5 m2 maydonda qurilgan zavod yiliga 89 mm–1420 mm diametrli 300 ming tonna metall quvurlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Mahsulot ishlab chiqarish jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarining texnologik uskunalari yordamida amalga oshiriladi, shuningdek 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Quvurlarni tayyorlash uchun ishlab chiqarish jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulash usuliga asoslangan bo‘lib, u yuqori bosim va tashqi taʼsirlarga qarshilikni yaxshilaydi. Ilgari bu mahsulotlarni xorijdan olib kelishga to‘g‘ri kelardi, bu esa ularning narxini oshirardi.
Hozirgi bosqichda zavod mahsulotlari MTO gaz-kimyo majmuasi, shuningdek, “Qorako‘l” EIH obyektlari va uning rezidentlari qurilishida foydalaniladi. Kelgusida mamlakatimiz neft, gaz va kimyo sanoati korxonalari, qishloq xo‘jaligi, qurilish tarmog‘i va boshqa isteʼmolchilarga quvurlar yetkazib berish rejalashtirilgan.
Zavod faoliyati Buxoro viloyati va unga tutash viloyatlardagi qator iqtisodiy va ijtimoiy masalalarni ham hal qilishga yordam beradi. Birinchi navbatda, logistika xarajatlarini optimallashtirish va qurilish-montaj ishlarining uzluksiz jarayoni orqali amalga oshirilayotgan loyihalarning investitsiya qiymatini pasaytirishga erishiladi. Bundan tashqari, sezilarli ijtimoiy samara kutilmoqda: yuzlab yangi ish o‘rinlari, yosh mutaxassislarni jalb etish va o‘qitish, qo‘shimcha soliq imtiyozlari, zamonaviy infratuzilmaning vujudga kelishi shular jumlasidan.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yaqinda Buxoroga tashrifi doirasida “ENPIPE” quvur ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurgan edi. Prezident yangi korxona, bu yerda ishlayotgan mutaxassislar bilan tanishib, viloyatni sanoat ilg‘orlari qatoriga olib chiqishga mo‘ljallangan yangi inshootlarning ahamiyati yuksak ekanini taʼkidladi.