O'quv seminar o'tkazildi

25.06.2024
Поделиться:

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan Enter Engineering Pte. Ltd. xodimlarning xavfsizligini ta’minlash, hayoti, sog‘lig‘i va mehnat qobiliyatini saqlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, ma’muriyat, HSE-departamenti va kasaba uyushma qoʻmitasining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan mehnat muhofazasi bo‘yicha davriy monitoring tizimi tashkil etilgan bo‘lib, uning majburiy qismi kasaba uyushmalari yacheykalari tomonidan joylardagi jamoatchilik nazorati hisoblanadi. Shu maqsadda loyihalar bo‘yicha vakolatli shaxslar saylandi, ularning mas’uliyati ishlab chiqarish va ofis binolari va jihozlarining holatini har kuni nazorat qilish, xodimlarning shikastlanishi yoki kasbiy kasalliklariga olib kelishi mumkin bo‘lgan nosozlik va kamchiliklarni aniqlashdir.

Vakolatli shaxslarning kasbiy malakalarini oshirish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlari va seminarlar tashkil etilmoqda. Shunday tadbirlardan biri 20–21-iyun kunlari Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi MTO gaz-kimyo majmuasi loyihasida bo‘lib o‘tdi. Uning tashkilotchilari: EE kasaba uyushma qo‘mitasi, Energetika, neft-gaz va geologiya sohasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyat kengashi va «TEXNOSFERA XAVFSIZLIGI» IO‘J. Unda kasaba uyushma qo‘mitasining 30 nafarga yaqin xodimlari, sexlar kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakolatli shaxslar ishtirok etdi.

Seminarda mehnatni muhofaza qilish vakillarining huquq va majburiyatlari, sanoat xavfsizligi masalalari bo‘yicha jamoatchilik nazorati hamda sexlar kasaba uyushmasi qo‘mitalari faoliyati, kasaba uyushma a’zolariga sanatoriylar va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar berish qoidalari kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi. Tadbir yakunida uning ishtirokchilariga sertifikatlar tantanali ruhda topshirildi. Shuningdek, Enter Engineering Pte. Ltd. kasaba uyushma qo‘mitasi tashkil etilganining besh yilligi munosabati bilan sexlar kasaba uyushmasi qo‘mitalari raislari va faollari faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Seminar Buxoroning tarixiy diqqatga sazovor joylariga sayohat bilan yakunlandi. Ishtirokchilar Chor-Bakr nekropoli, Bahouddin Naqshband maqbarasi, Labi-Xauzning eski shahri, Kalyan minorasini ziyorat qildilar.

 

Biz ham tavsiya qilamiz