FNQIZ: ish davom etmoqda
Avval xabar berganimizdek, Enter Engineering va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (FNQIZ) o‘rtasida imzolangan shartnoma doirasida FNQIZni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha faol ishlar davom etmoqda.
Loyiha buyurtmachisi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, bosh pudratchi esa Enter Engineering Pte. Ltd. Obyektning maydoni 475 gektarni tashkil qiladi. Ishga 900 nafardan ortiq mutaxassis, 148 ta qurilish va maxsus texnika jalb etilgan.
Ayni paytda gidrokreking qurilmalari (HCR), gazoylni gidrotozalash (HDS) va moyni gidrotozalash qurilmasining (G-24) vodorod taqchilligini qoplash uchun yuqori toza vodorod (99,9%) ishlab chiqaruvchi yangi qurilmani qurish yakuniy bosqichda. Jarayon texnologiyasi tabiiy yoki suyultirilgan uglevodorod gazidan vodorod ishlab chiqarishga asoslangan. Qurilma quvvati 12,5 ming m³/soatga teng. Asosiy jihozlarni yetkazib beruvchilar WOOD (Italiya) va Air Products (AQSh). Obyektni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun quvvati 6 ming kVA bo‘lgan podstansiya qurilib, uni ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Zavodning rezervuar parkini kengaytirish va modernizatsiya qilish uchun umumiy hajmi 112,4 ming m³ bo‘lgan 36 ta rezervuar montaji rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda umumiy sig‘imi 36 ming m³ bo‘lgan 13 ta rezervuar qurilgan. Ishlab chiqarish jarayonlari nazorat qilinadigan Markaziy operator xonasida pardozlash ishlari yakunlanmoqda. Obyekt texnologik jarayonlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimlarining zamonaviy vositalari bilan jihozlangan.
Qurilishning ikkinchi bosqichi doirasida sexlararo kommunikatsiyalar, yangi fakel xo‘jaligi va yangi qurulmalar ehtiyojlari uchun suv blokini qurish ishlari davom etmoqda. Shu bilan bir vaqtga, mavjud qurilmalarda jismoniy va ma’naviy eskirgan uskunalarni almashtirish, ishlab chiqariladigan mahsulot sifatini oshirish imkonini beradigan zamonaviy telemetriya va telemexanika o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.
Chakana iste’molchilarni gaz va suyuq avtomobil yoqilg‘isi bilan ta’minlash uchun zavodda yoqilg‘i quyish majmuasi, jumladan, gaz quyish shoxobchasi va yoqilg‘i quyish shoxobchasi qurilmoqda.
Modernizatsiya tugallangach, FNQIZ an’anaviy mahsulotlardan tashqari xalqaro talablar va sifat standartlariga javob beradigan sintetik va yarim sintetik moylarini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.