Dual ta’lim tizimi amalda: SIUT birinchi bosqich talabalari malakaviy amaliyot o‘tadilar

01.07.2024
Поделиться:

Bugungi kunda boshqa jabhalarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda muhandis kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj o‘tgan davrga nisbatan bir necha barobarga oshganligi taʼlim jarayonlariga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish orqali xalqaro darajadagi mahalliy muhandislarni tayyorlash zaruratini keltirib chiqarmoqda.

SIUTning butun o‘quv dasturi 2022-2032-yillarga mo‘ljallangan istiqbolli reja (Master plan) asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u tog‘-kon, geologiya va neft-gaz muhandisligi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri “Colorado School of Mines”– AQShning Kolorado konchilik maktabi Davlat ilmiy-tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda tayyorlangan. SIUTning o‘quv jarayonlari dual ta’lim tizimiga asoslangan bo‘lib, talabalar birinchi kursdanoq yirik sanoat obyektlarida ishlab chiqarish amaliyotlariga jalb etiladi, jumladan Enter Engineering Kompaniyalar guruhiga ham.  

Amaldagi o‘quv rejaga asosan, joriy yilning 21-mayidan 20-iyunigacha SIUTda tahsil olayotgan 192 nafar talaba ishlab chiqarish amaliyotini qator sanoat obyektlarida o‘tashdi. Xususan, amaliyot rahbari Elbek Amirxanov boshchiligida muhandislik va energetika yo‘nalishlari Qarshi shahrida joylashgan “Eriell Prof Education” o‘quv markazi, “Samarkandkimyo” zavodi, “Xishrav GES 2-B” gidroelektr stansiyasi, Cho‘ponota quyosh elektr stansiyasida; “Xalqaro logistika” yo‘nalishi talabalari – “Prime Samarkand” logistik kompaniyasida; “Tadbirkorlik va menejment” yo‘nalishi talabalari – universitet qoshidagi WIN markazida tashkil qilinadigan MAP treyning kurslari, “EasyBooking” kompaniyasi, “Orient-Star” va “Grand Samarkand Superior” mehmonxonalari, “Silk Roads Destinations – C.A.T.I.A.” turistik agentligi; “Axborot texnologiyalari” talabalari – “Uztelecom” AJ, “SamIT Global” kompaniyasida; “Dizayn” ta’lim yo‘nalishi talabalari esa universitet qoshidagi Media Markazida amaliyot o‘tadilar.

“Ishlab chiqarish amaliyoti talabalarimizni kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassislari bo‘lishlari hamda ularni ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi. Amaliyot – bugungi kundagi yuqori malakali muhandislarni tayyorlash jarayonining ajralmas qismidir» — dedi SIUT amaliyot rahbari Elbek Amirxanov.

Bunday malakaviy amaliyot dasturlari talabalarning nafaqat amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga, balki kelajakda, to‘rt yillik ta’limni tugatgandan so‘ng, ushbu tashkilotlar jamoasining bir qismi bo‘lishga imkon beradi.

 

Biz ham tavsiya qilamiz