Besh yillik samarali faoliyat
«Bunyodkor» ofisida Enter Engineering Pte. Ltd. kasaba uyushma qo‘mitasining 5 yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Bobir Kenjayev 2019–2024-yillarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berdi. Xususan, uning aytishicha, ish beruvchi va kasaba uyushma tashkiloti o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy vositasi jamoa shartnomasi bo‘lib, u kompaniya xodimlariga mehnat sharoitlari, dam olishni tashkil etish, imtiyozlar va kafolatlar berish masalalarini tartibga soladi. 2019–2022-yillarga mo‘ljallangan birinchi bunday hujjat 2019-yil 25-iyunda bo‘lib o‘tgan mehnat jamoasi konferentsiyasida qabul qilingan va shuning uchun bu sana Enter Engineering Pte. Ltd. kasaba uyushma qo‘mitasi tashkil etilgan kun deb belgilangan. Bundan tashqari, ma’ruzachi o‘tgan davr mobaynida kasaba uyushma qo‘mitasi mutaxassislari tomonidan korxona xodimlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qator yo‘nalishlarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
Yig‘ilish ishtirokchilari o‘z chiqishlarida kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan loyihalar va vaxta shaharchalarida davlat va kasb bayramlariga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etayotgani, eng yaxshi xodimlar esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari bilan taqdirlanayotganini ta’kidlashdi. Masalan, 2022-yildan boshlab har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan kasaba uyushmasiga a’zo bo‘lgan kompaniya xodimlarga pul mukofoti topshirilgan. Kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatidagi faol ishtiroki uchun sex kasaba uyushma qo‘mitalari raislari, faollar, mehnatni muhofaza qilish sohasining mas’ullari taqdirlandi.
Bundan tashqari, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan turli seminar, trening va uchrashuvlar faol tashkil etilmoqda. Kasaba uyushma mutaxassislarining asosiy e’tibori madaniyat va sport yo‘nalishlariga, mehnatkashlar salomatligini mustahkamlashga — odamlarning hayot sifatini yaxshilash, ish samaradorligini oshirish va ijobiy mehnat muhitini yaratishga qaratilgan barcha ishlarga qaratilgan.
Shuningdek, yig‘ilganlar oldida Enter Engineering bosh direktori o‘rinbosari — ma’muriy direktor Timur Abdullayev, kasaba uyushma qo‘mitasining hududiy va sex bo‘linmalari vakillari so‘zga chiqdilar.
Tantanali yig‘ilish kompaniya faoliyatiga qo‘shgan hissasi uchun kasaba uyushma qo‘mitasining eng faol vakillariga faxriy yorliqlarni topshirish marosimi bilan yakunlandi.