Ishlab chiqarish imkoniyatlari kengaymoqda

03.07.2024
Поделиться:

Enter Engineering kompaniyalar guruhi korxonalari o‘z faoliyatini kengaytirishda davom etmoqda. Xususan, Yangiyo‘l shahridagi Enter Steel mashinasozlik zavodida yangi nostandart uskunalarni ishlab chiqarish amalga oshirildi. «Saneg» MChJ XK buyurtmasi bilan CK-ES-3-1.45-710 dastgoh-kachalkalari tayyorlandi.

Dastgoh-kachalkalar — bu neft quduqlarini ishlatishda qo‘llaniladigan quduq shtangali nasoslarining yer usti privodining bir turi. Ular neft va gaz uskunalarining muhim elementi bo‘lib, neft quduqlari shtangali (plunjerli) nasoslarni mexanik haydash uchun ishlatiladi. Uskunaning konstruksiyasi reduktor va ikkita to‘rt bo‘g‘inli sharnirli mexanizmdan iborat bo‘lgan shtangali nasoslarning balanslagich haydovchisidir.

«Ushbu buyurtma, albatta, Enter Steel rivojlanishida yangi bosqich bo‘ldi. Bu uskunaning birinchi tajriba namunasi bo‘lib, shartnoma doirasida biz ba’zi qismlarni tayyorladik va yig‘dik. Aytishimiz mumkinki, bu kompaniya jamoasi uchun professional qiyinchilik bo‘ldi, chunki biz ilgari bunday nostandart mahsulotlarni ishlab chiqarmagan edik. Shu paytgacha xorijlik ishlab chiqaruvchilarga shunday buyurtmalar berib kelgan mamlakatimizning neft va gaz ishlab chiqaruvchi kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz», — deydi bosh texnolog Murod Erniyazov.

Shartnoma majburiyatlari doirasida ishlab chiqarilayotgan qismlarning ro‘yxati aniqlandi: balanslagichning bosh qism, tirgak, ramka, balanslagichning tanasi, travirsaning tayanchi, travirsa, shatunning ustki bosh qismi, balanslagichning tayanchi va shatun. Eski dastgoh zavodga keltirilgach, yuqoridagi qismlar demontaj qilindi, yangilari tayyorlandi va dastgoh-kachalkaga o‘rnatildi, so‘ngra sinov bosqichlari boshlandi.

«Mutaxassislarimiz namuna bo‘yicha har bir qismning kerakli o‘lchovlarini o‘tkazdilar, olingan ma’lumotlar asosida konstruktorlik byurosi to‘liq texnik hujjatlar va chizmalarni ishlab chiqdi. Mahsulotlar ishlab chiqarilgandan so‘ng, dastgoh-kachalka qayta yig‘ildi va uning ishlashini tekshirish uchun sinov jarayoni  o‘tkazildi. Kachalka poydevorga o‘rnatildi va 3 tonnalik yuk yuklangan holatda tekshirildi. Sinovlardan so‘ng hech qanday nuqson yoki nomuvofiqliklar aniqlanmadi», — deb tushuntirdi Murod Erniyazov.

Ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan mutaxassislarni uning muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabriklaymiz va Enter Steel mashinasozlik zavodining jamoasiga kelgusidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!

 

Biz ham tavsiya qilamiz