Muzokaralar texnologiyalarini o'rganishdi
5-iyul kuni «Bunyodkor» ofisida SEG Enera kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan «Muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish» mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Treningda ekspert sifatida korporativ konsultant Sanjar Razzoqov ishtirok etdi.
Tadbirda Enter Engineering kompaniyalar guruhining 16 nafar xodimi, jumladan, bo‘linmalarning rahbarlari va oddiy xodimlari ishtirok etishdi, bu samarali tajriba almashish va muhokama orqali yangi yondashuvlarni izlashga xizmat qildi.
— Bu yil boshidan buyon Kompaniyalar guruhi xodimlari uchun tashkil etilgan bunday tadbirlarning oltinchisidir, — dedi SEG Enera kompaniyasining kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘limi rahbari Yegor Romanenko. — Biz ularni xodimlar o‘rtasida zamonaviy voqelikka mos keladigan universal ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan ochiq darslar formatida o‘tkazishga harakat qilamiz.
Aytish joizki, Sanjar Razzoqov o‘z mashg‘ulotlarida amaliyotga alohida e’tibor qaratadi, ishtirokchilarni ish jarayonida yuzaga keladigan holatlarga o‘xshash vaziyatlarni «o‘ynashga» taklif qiladi. Ta’lim jarayonining ushbu faol shakli yangi bilimlarni samarali egallash imkonini beradi.
Trening davomida Tomas-Kilmanning klassik muzokara modeliga asoslangan strategiyalar ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan mavzular muzokaralar jarayonining turli jihatlari — miflar, strategiya va rollar, kuchli pozitsiya belgilari va boshqalarga bag‘ishlandi. Madaniy farqlarning muzokaralar taktikasiga ta’siri masalasi alohida qiziqish uyg‘otdi, bu esa tashkilotchilar o‘rtasida ushbu mavzu bo‘yicha alohida trening o‘tkazish g‘oyasini keltirib chiqardi.
Shuningdek, dars davomida ishtirokchilar o‘yin mexanikalari bilan tanishdilar, ular individual va guruhlarda ishladilar, ish daftarlarini to‘ldirdilar, ularni mashg‘ulot so‘ngida o‘z faoliyatlarida eslatma sifatida foydalanishlari uchun olib ketishlari mumkin edi.
— Shaxsiy kasbiy o‘sish uchun kompaniya tomonidan taqdim etilgan barcha imkoniyatlardan foydalanish muhim, — taʼkidladi tadbirdan soʻng Hujjatlar bilan ishlashni boshqarish departamenti bosh mutaxassisi Mashxura Sayidova. — Trening 4 soat davom etdi, bu ko‘pdek tuyuladi, lekin boy dastur va qiziqarli amaliy topshiriqlar tufayli vaqt uchib o‘tib ketgandek bo‘ldi.