Hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi
Enter Engineering kompaniyalar guruhi talabalar orasidan istiqbolli kadrlar tayyorlash bo‘yicha maqsadli ishlarni amalga oshirmoqda, shu maqsadda mamlakatimizning ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bu yo‘nalishdagi navbatdagi bosqich xorijiy investitsiya ishtirokidagi «UzLITI Engineering» MChJ va «Moskva poʻlat va qotishmalar instituti» Milliy tadqiqot texnologik universiteti» Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasining Olmaliq shahridagi filiali o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi.
Loyihalash markazi direktori S.Ro‘zixo‘jaev va universitet rahbari F.Umarov tomonidan imzolangan memorandum zamonaviy muhandislik malakalariga ega, talabalikdan murakkab ishlab chiqarish jarayoniga qo‘shilib ketish qobiliyatiga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga, shuningdek, UzLITI Engineering uchun loyiha-texnik xodimlarning malakasini oshirishga qaratilgan o‘zaro manfaatli hamkorlikni tashkil etishni nazarda tutadi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur hujjatda ta’lim dasturining o‘quv fanlari (modullari) va amaliy mashg‘ulotlarini o‘zlashtirish bo‘yicha me’yoriy muddatda tog‘-kon sanoati va boshqa turdosh tarmoqlarda kadrlar tayyorlashni tashkil etish bilan bog‘liq o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilanganini ta’kidladilar. Bunda qisqa muddatli oʻquv yoki maʼruza kurslari, kasbiy seminarlar, ishbilarmonlik oʻyinlari, treninglar, mahorat darslari, qiziqish yoki oʻquv fanlari boʻyicha yozgi maktablarga muhim ahamiyat beriladi. Shuningdek, talabalar, aspirantlar va professor-o‘qituvchilarning akademik mobilligini, talabalar va o‘qituvchilarning ishlab chiqarish, o‘quv-laboratoriya, ilmiy amaliyot yoki amaliyot o‘tashlarini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hamkorlikda ilmiy yoki ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar olib borish ko‘zda tutilgan.
Tadbir so‘ngida ikki tomon ham memorandumning imzolanishi uzoq va samarali hamkorlikning boshlanishi bo‘lib, bu pirovardida o‘z samarasini berishi — eng murakkab ishlab chiqarish muammolarini hal qila oladigan va O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan mutaxassislar tayyorlanishi haqida fikr bildirdi!