Toshkent marafoni bo‘lib o‘tdi

23.04.2024
Поделиться:

21-aprel kuni poytaxtimizda oltinchi «Toshkent International Marathon BYD» bo‘lib o‘tdi.

Tadbir 45 mamlakatdan besh ming nafardan ortiq ishtirokchini jamladi va haqiqiy sport bayramiga aylanib, trassa shaharning go‘zal ko‘chalari bo‘ylab o‘tdi.

Enter Engineering kompaniyalar guruhi xodimlari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ommaviy tadbirlarda muntazam faol ishtirok etib kelmoqda. Bu safar g‘ayratli sportchilar o‘z oldilariga yarim marafon masofasini (21 km) va 10 km masofani bosib o‘tishni maqsad qilib qo‘ydilar.

Barcha ishtirokchilar uchun tashkilotchilar tomonidan suv va oziq-ovqat olish uchun joylar tashkil qilingan bo‘lib, 200 nafarga yaqin ko‘ngillilar yo‘lda sportchilarni qo‘llab-quvvatlab, ularga yordam berishdi.

Korporativ ranglardagi liboslar kiygan Enter Engineering xodimlari yuqori darajadagi tayyorgarlik va motivatsiyani namoyish etdilar.

— Tashkilotchilar marafon uchun ajoyib sanani tanlashgan, — deydi 10 km masofaga yugurgan ishtirokchi, Enter Engineering PR-departamenti xodimi Zulfiya Kateyeva. — Ushbu masofada o‘z shaxsiy rekordimni o‘rnatganimdan xursandman. Toshkentda hali u qadar issiq emas va erta tongdagi ajoyib havo hamfikrlar davrasida shahar bo‘ylab yugurish uchun juda mos keldi. Marrada bizni qahramonlardek kutib olishdi — qo‘llab-quvvatlovchi guruhning olqishlari, har bir ishtirokchi uchun chiroyli medallar, televidenie va fotosuratlar, san’atkorlarning chiqishlari bilan bayram dasturi. Hamkasblarimiz turli vaqtlarda marraga kelganiga qaramay, biz poygadagi taassurotlarimizni bo‘lishish, biroz raqsga tushish va esdalik uchun birgalikda suratga tushish maqsadida bir-birimizni kutdik.

Marraga muvaffaqiyatli yetib kelgan ishtirokchilarning har biri nafaqat jismoniy tayyorgarligi va chidamliligini, balki o‘zini rivojlantirishga bo‘lgan intilishlarini ham ko‘rsatdi. Marafonda ishtirok etish korporativ madaniyat va jamoa hamjihatligini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi.

Biz ham tavsiya qilamiz