SKM: ishning asosiy qismi bajarildi
Ayni paytda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha Samarqand kimyo majmuasi (SKM) qurilishi bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Loyiha buyurtmachisi — «Samarqandkimyo» AJ, bosh pudratchi — Enter Engineering kompaniyasi, loyihalash ishlari UzLITI Engineering kompaniyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Obyekt Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani hududida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 47 gektarni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda muhandis-texnik xodimlarning umumiy soni 1700 kishini tashkil etadi, 110 birlik texnika jalb qilingan.
Ayni paytda rejalashtirilgan ishlarning salmoqli qismi bajarildi — yer ishlari yakuniy bosqichda, beton ishlari 75 foizga, uskunalarni o‘rnatish 25 foizga bajarildi. Masalan, oqava suvlarni tozalash stansiyasi uchastkasida ishlar to‘liq bajarildi, blok uskunalari ham 100 foizga, metall konstruksiyalarni o‘rnatish ishlari 63 foizga bajarildi. Oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish korxonasida beton ishlari yakunlandi, metall konstruksiyalarning 60 foizdan ortig‘i o‘rnatildi, sisterna uskunalarini o‘rnatish 71 foizga bajarildi, yordamchi qurilmalar ham (78 foiz) yetkazib berildi.
Issiqlik elektr stansiyasi jadal sur’atlar bilan qurilmoqda. Joriy ma’lumotlarga ko‘ra, yer ishlari 100 foiz, beton ishlari 87 foiz, metall konstruksiyalarni o‘rnatish 50 foizga yaqin, asbob-uskunalarni keltirish esa 65 foizga bajarilgan.
Loyihani amalga oshirish jarayonida kombinatning eski binolari to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning samarali faoliyati uchun yangi, zamonaviy inshootlar qo‘shimcha ravishda barpo etildi.
Majmua qurilishi yakunlanib, ishga tushirilgach, yiliga 800 ming tonna sulfat kislota, 280 ming tonna fosfor kislotasi, 540 ming tonna NPK, 370 ming tonna fosfat (MAP), shuningdek, granulali monoammoniy ishlab chiqariladi.