Markaziy Osiyodagi noyob loyiha
Enter Engineering kompaniyasi buyurtmachi Saneg Elements bilan birgalikda Shimoliy O‘rtabuloq neft konida plast qatlam suvlaridan litiy qazib olish bo‘yicha Markaziy Osiyodagi birinchi loyihani amalga oshirishni boshladi. Xalqaro kompaniyalar tajribasi va innovatsion texnologiyalarini joriy etuvchi loyiha 2024-yil aprel oyida start olgandi.
Litiy o‘zining yuqori elektrokimyoviy faolligi bilan mashhur ishqoriy metall bo‘lib, so‘nggi o‘n yilliklarda eng ko‘p talabga ega sanoat xom ashyolaridan biriga aylandi. U akkumulyatorlar, keramika, atom sanoati, tibbiyot va aerokosmik sanoatida qo‘llaniladi. Elektromobillarga global talab ortib borayotganligi sababli, litiyga bo‘lgan ehtiyoj o‘smoqda, bu esa uni qazib olish masalasini yanada dolzarb darajaga olib kelmoqda.
Qurilishga 55 nafar ishlab chiqarish xodimlari jalb qilingan, qurilish-montaj ishlari yakunlangan, obyektni ishga tushirish va foydalanishga topshirishni yakunlash uchun kimyoviy reagentlar va absorbentlarni yetkazib berish kutilmoqda. Ishlab chiqarishni ishga tushirish 2024-yil sentabrida rejalashtirilgan.
— Bu yerda 10 nafarga yaqin ekspluatatsion xodimlarni ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan, — deydi loyiha rahbari Vladislav Yevgenyevich Uchevadov. — Ayni paytda to‘rt nafar mutaxassis amaliyot o‘tab, ular uchun yangi bo‘lgan uskunalardan foydalanishni o‘rganmoqda. Bu texnologiyaning o‘ziga xosligi shundaki, yer qa’ridan neft mahsulotlari chiqarilayotganda tarkibida litiy bo‘lgan qatlam suvlari ham olinadi. Qo‘shilgan gazni olib tashlash va qatlam suvini tindirgandan so‘ng lityum kimyoviy reaktsiyalar yordamida olinadi.
Ayni paytda loyihaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 70 tonnagacha litiy karbonat ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Litiy zamonaviy texnologiyalarning ajralmas elementiga aylanib borayotganini hisobga olsak, bu mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qo‘shadi.