Juda zarur loyihani amalga oshirmoqdamiz

05.09.2024
Поделиться:

Pudratchisi “Enter Engineering Pte.Ltd” kompaniyasi bo‘lgan “O‘ztransgaz” AJ gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish hal qiluvchi pallada. Yangiyer — Oxangaron so‘nngi uchastkasida faol ishlar olib borilmoqda.

Qurilishda ishtirok etayotgan kompaniya xodimlari orasida Qurilish direksiyasiga qarashli Umumiy qurilish ishlari hamda bino va inshootlar qurilishi direksiyasi uchastka boshlig‘i Umidbek Bobojonov ham bor.

«Gaz quvurini modernizatsiya qilish ishlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda. Hozir biz Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ishlayapmiz, har kuni bir necha yuz metr yotqizamiz, masofadagi tezlik ko‘p jihatdan relyefga bog‘liq. Men uchastkada qurilish-montaj ishlarini tashkil qilish va bajarish bilan shug‘ullanaman. Qurilishga 250 nafar ishchi va 150 ta turli texnika jalb etilgan. Asosiy ish turlari quvurni payvandlash va izolyatsiyalash, uni xandaqqa yotqizish va to‘ldirishdir. Bu juda zarur loyiha — uning amalga oshirilishi xalqimiz turmush darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi», — dedi Umidbek Sultonmuratovich.

Aytish kerakki, qahramonimiz tajribali mutaxassis bo‘lib, avval ham shunga o‘xshash bir qancha loyihalar ustida ishlagan. “Zerabuloq – Ishtixon – Samarqand”, “Taxiatosh – Qo‘ng‘irot – Oqchuloq” gaz quvurlari va boshqa obyektlar shular jumlasidandir.

«Faoliyatim davomida, Enter Engineeringga ishga kelishdan oldin va kompaniyada ishlagan vaqtimda butun O‘zbekiston bo‘ylab qurilish obyektlarida bo‘ldim. Yurtimizning eng chekka go‘shalarida yangi zamonaviy sanoat va fuqarolik inshootlari barpo etilayotgani, odamlar o‘zi uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganini ko‘rganimda doimo g‘ururlanaman va bu jarayonda ishtirok etayotganimdan faxrlanaman», — deydi Umidbek Bobojonov.

Bu so‘zlarning chuqur ma’nosi bor. Qahramonimiz har kuni o‘z ona yurti tarixi bilan yuzlashadigan, yoshligidan ona yurtga, uning madaniyati va an’analariga muhabbat tuyg‘usi singdiriladigan qadimiy va go‘zal Xiva shahrida tug‘ilib o‘sgan.

«Xiva ajoyib shahar, unga birinchi martada va abadiy oshiq bo‘lasiz. Har safar ishdan qaytganimda manzaralardan, yangi narsalarni payqab, yo‘lda uchragan odamlarning tabassumidan zavqlanaman. Uyda esa meni oilam, do‘stlarim, oila a’zolarim  — onam, turmush o‘rtog‘im Maqsuda, qizim Feruzaxon va o‘g‘illarim Farruhbek, Bexruzbeklar kutishadi. Farzandlarim yaxshi, ilmga intiluvchan, ikki nafari oliy o‘quv yurti talabasi, kenja o‘g‘lim maktabda o‘qiydi. Ularning oyoqqa turishini, oila qurishini, hayotda o‘z yo‘lini topishini ko‘rishni orzu qilaman», — deydi qahramonimiz so‘zining yakunida.

Umidbek Bobojonovga omad, sihat-salomatlik va yaxshi kayfiyat tilaymiz!

Biz ham tavsiya qilamiz